Javob o‘yinida ham «Qirollik klubi» londonliklarni mag‘lub etdi.

YeChL. 1/4 final. 18 aprel
Javob o‘yinlari
Chelsi — Real 0:2
Gollar: Rodrigo (58, 80). 
Chelsi – Arrisabalaga, Jyeyms, Silva, Chaloba, Fofana, Kukurelya (Mudrik, 68), Kovachich, Kante, Gallaher (Felish, 67), Fernandes (Sterling, 67), Haverts (Maunt, 77).
Real – Kurtua, Karvaxal (Nacho, 82), Alaba (Ryudiger, 46), Militao, Kamavinga, Modrich, Kroos (Sebalos, 76), Valverde, Vinisius, Rodrigo (Asensio, 81), Benzema (Tchuameni, 71).
Ogohlantirishlar: Militao (22), Kukurelya (34), Jyeyms (50), Mudrik (89).
Birinchi o‘yin — 0:2.

Og‘ir vazifa

Ba’zi hollarda o‘yin taqdirida burilish yasash mumkinligiga oldindan ishonish mumkin. 2017 yilda «Barselona»ga «PSJ»ga qarshi afsonaviy bahsda Messi, Neymar va Suares yordam berishgandi. 2019 yilda «Liverpul» hatto Salohsiz ham kataloniyaliklarni tor-mor etgandi, ammo o‘shanda misrlik futbolchi jarohatiga qaramay, «Never give up» («Hech qachon taslim bo‘lma») yozuvi tushirilgan futbolkada stadionga kelgan va jamoasiga kuch bergandi.

«Chelsi»da esa «Real»ga qarshi javob o‘yini oldidan bunday ustunliklar yo‘q edi. Tarkibda barselonalik trioni uzoqdan bo‘lsa ham eslatadigan futbolchilar yo‘q. Klub futbolchilariga Salohning futbolkasidagi kabi ishtiyoq o‘rniga xo‘jayindan tanbeh berildi. Nufuzli The Telegraph nashri yozishicha, «Chelsi» xo‘jayini Todd Boeli shanba kuni navbatdagi mag‘lubiyatdan keyin («Brayton»ga qarshi 1:2) jamoa kiyim almashtirish xonasida bir soat qolib ketgan va natija uchun futbolchilarni uyaltirgan.

Hozir Frenk Lempardga havas qilib bo‘lmaydi. U «Chelsi»ga xaloskor-afsona maqomida tashrif buyurdi, ammo uning dastlabki ish haftalari tushkun kechdi: uch o‘yinda uch mag‘lubiyat. Ammo barchasini bir kechada o‘zgartirish mumkin edi — buning uchun Chempionlar ligasining amaldagi g‘olibini uchta to‘p farqi bilan yengish talab etilardi.

Kante — hujumda

Lempard o‘zida kuzirlar yo‘qligini tushunib turardi, shuning uchun nimadir o‘ylab topish kerak edi. To‘g‘ri, Madriddagi o‘yinda «Chelsi» murabbiylar shtabining g‘oyalari jamoa o‘yinini faqat yomonlashtirdi, ammo barcha xato qilish huquqiga ega. Bu safar Frenk va-bankka borib, hujumda uch futbolchi tushirish bilan barchani hayratlantirdi. Bu mavsumda vaziyatlarni ko‘kka sovurishi bilan ko‘pchilikning kulgisiga qolayotgan Havers boshlang‘ich tarkibga qaytdi. Zaxira o‘yinchisi, yozda transferga qo‘yilishi kutilayotgan Gallaher ham ilk daqiqalardan o‘ynadi. Uchinchi forvard esa Kante edi. Lempard, aftidan, ushbu fransuz jarohatdan tuzalib safga qaytganidan keyin ko‘rsatayotgan giperfaollikdan kuchli taassurot olgan, shu tufayli Ngolo oldingi chiziqqa yuborildi.