19 aprel kuni Oliy sud tomonidan 208 nafar shaxsga oid 3 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Kun.uz muxbirining xabar berishicha, bosh prokuror o‘rinbosari ushbu jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirgan.

Ma’lum bo‘lishicha, O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Uchlik Kengashining 1930-31 yildagi maxsus yig‘ilishlar qarorlari bilan o‘nlab yurtdoshlarimiz otuvga hukm qilingan, yuzlab insonlar esa konslagerlarga surgun qilingan.

Ushbu jinoyat ishlari doirasida Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlisida iltimosnoma va protestlar qanoatlantirildi. JPK 83-moddasiga asosan jami 3 ta jinoyat ishi bo‘yicha 208 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.

Bunga qadar qatag‘on qurbonlarining nomlarini oqlash va ularning xotirasini abadiylashtirish masalalari bo‘yicha Oliy sudda tuzilgan ishchi guruhi sa’y-harakati tufayli sovet davrida qatag‘on qilingan 408 nafar vatandoshimiz oqlangan edi. Shu bilan jami oqlanganlar soni 616 nafarga yetdi.

2023 yil 19 aprel kuni Oliy sudning hukmi bilan reabilitatsiya qilinib, oqlangan qatag‘on qurbonlari ro‘yxati:

1. O‘rta Osiyodagi Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Uchlik Kengashining 1930 yil 24 yanvardagi maxsus yig‘ilish qaroriga ko‘ra:

1) 1899 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, millati o‘zbek, SSRI fuqarosi, Farg‘ona viloyati, Buvayda tumanida yashagan Isametdinov Baxram O‘zbekiston SSR JKning (eski tahrirdagi) 78-moddasi bilan aybdor deb topilib, otuvga hukm qilingan;