Jamiyat | 15:35 / 23.04.2023
84792
3 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda ayol kishi «samosud» qilingani videosi tarqaldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Bu hodisa 2022 yil noyabrida Denov tumanida sodir bo‘lgani aniqlandi. Bunga go‘yoki jabrlanuvchining bir million so‘m qarzi bo‘lgani sabab bo‘lgan.

Foto: Surxondaryo IIB matbuot xizmati

Surxondaryo viloyatida ayol bir necha ayollar tomonidan ayovsiz «samosud» qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.

Xabarga ko‘ra, bir guruh ayollar qarzini bermagani uchun ayolni do‘pposlab, qosh va sochlarini kesib, kiyimlarini yirtib tashlashgani aytilayotgan holat yuzasidan surishtiruv ishlari olib borildi. Holat 2022 yilning noyabr oyi oxirlarida, Denov tumani «Bog‘ishamol» mahallasi hududida sodir bo‘lgan.

Sariosiyo tumanida yashovchi 1991 yilda tug‘ilgan D.S. Denov tumanida yashovchilar 2003 yilda tug‘ilgan R.G. va X.N. ismli ayollar o‘rtalarida avvaldan mavjud bo‘lgan nizolari yuzasidan, o‘zaro janjallashib, D.S.ni mahalla hududida urib tan jarohati yetkazgan.

Hozirgi kunda mazkur holat yuzasidan, Denov tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Tergovga qadar tekshiruv harakatlari Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.

Viloyat prokuraturasi holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

To‘plangan hujjatlarga ko‘ra, Denov tumanida yashovchi ayol G.R. o‘ziga ilgaridan tanish bo‘lgan, shu tumanda yashovchi ayol N.X. va Z.Yu. (erkak) bilan bir guruhga birlashib, o‘ziga ilgaridan tanish bo‘lgan ayol S.D.ni Z.Yu. boshqaruvidagi Nexia da Denov tumani «Bog‘ishamol» MFY hududiga olib kelib, go‘yoki 1 million so‘m qarzi borligini vaj qilib, S.D.ni urib-do‘pposlagan.

Bundan tashqari, o‘zlari bilan olib kelgan qaychi bilan sochlarini kesib, ustara bilan qoshlarini qirib, egnida bo‘lgan kiyimlarini yechib yalang‘ochlab, o‘zlarining bu harakatlarini videotasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarga tarqatib yuborgan.

«Mazkur holat yuzasidan 23 aprel kuni Denov tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan G.R. va N.X.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) 2-qismi «b,v,g» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, protsessual tartibda ushlangan.

Hozirda jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov harakatlari tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan», deyiladi xabarda.

Mavzuga oid