Republic onlayn nashri bosh muharriri Farida Kurbangaleyeva Rossiyada «armiya to‘g‘risidagi feyklar» tarqatganlikda ayblanib 8,5 yilga qamalgan muxolifatchi siyosatchi Ilya Yashin bilan intervyu uyushtirdi.

Jurnalist mahbusga savollarni jo‘natib, ularga yozma javob olgan. Ilya Yashin tutqunlikda nimalarni ko‘rgani va mushohada qilgani, muxolifat ichidagi ziddiyatlar, Rossiya kelajagini qanday ko‘rayotganini bayon qilgan.

Ilya Yashin sud majlislaridan birida. Foto: Sergey Petrov / news.ru via globallookpress.com

«Ayrim mahbuslar kichikroq muddat ayni paytda safarbarlikdan qutulib qolib, xavfli davrlarni panada o‘tkazish imkoniyati deyishmoqda»

— Hibsga olinishingizdan biroz avval panjara ortiga tushishni istamayotganingiz, lekin mamlakatni tark etishni ham xohlamayotingizni aytgan edingiz. Hozir, panjara ortiga tushganingizdan so‘ng tanlovingiz borasida afsus chekyapsizmi?

— Ochig‘ini aytganda, menda hech qanday tanlov yo‘q edi. To‘g‘ri, hibsga olinishim arafasida jonimni qutqarib qolish, mamlakatdan qochish to‘g‘risida maslahatlarni eshitib, biroz talvasaga ham tushdim. Lekin emigratsiya imkoniyatiga hech qachon jiddiy qaramaganman. Shunchaki o‘zimni xorijda tasavvur eta olmasdim, shunga ichimda qochishga nisbatan g‘alayon paydo bo‘ldi. Agar men o‘zimni vatanimdan judo qilsam chiday olmasdim, men baxtsiz va yo‘qolgan insonga aylanardim.

Yo‘q, hech narsadan afsus qilmayman. Nimaniki to‘g‘ri deb hisoblagan bo‘lsam, shunday qildim. Vijdonim toza, o‘zligim bilan uyg‘unman. Bilaman, oldimda hali meni ko‘p sinovlar kutib turibdi. Meni etap qilib, koloniyaga jo‘natishadi, u yerdagi shart-sharoitlar yanada qat’iy. Lekin men bularning barchasini o‘zligimni va qadr-qiymatimni saqlab qolish uchun yo‘l o‘laroq qabul qilaman. Men birinchisi emasman. Taassufki, oxirgisi ham.

— Qamoqda eng og‘ir va eng dahshatli narsa nima?

— Qamoqxonadagi og‘ir va yurakni qaqshatadigan muhit bor, u sening joningni sug‘urib olishga harakat qiladi. Ko‘p insonlarning ko‘zlari so‘nib qolgan, ular tezda qarib qolishadi. Aftidan, 70 yoshli choldek ko‘rinadi, lekin surishtirsang bu «chol» yaqinda 50 yoshlik yubileyini nishonlagan bo‘ladi. Shunchaki, 4 yildan buyon o‘tiraverib so‘nib bo‘lgan bo‘ladi.