Jahon | 09:03 / 25.04.2023
6104
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainani “g‘alla bitimi” shartlarini buzganlikda aybladi

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi Ukrainani “g‘alla bitimi” shartlarini buzganlikda aybladi. 

Foto: Shutterstock

Rossiya harbiy idorasining ma’lum qilishicha, Kiyev o‘ziga ajratilgan humanitar yo‘lakdan 23 mart va 24 aprel kunlari annexia qilingan Qrimdagi Sevastopolga uchuvchisiz uchoqlar bilan hujum qilish uchun foydalangan. 

“Ukraina ekipajsiz katerlarining harakatlanish yo‘nalishi tahlili shuni ko‘rsatdiki, ularning barchasi Qora dengiz tashabbusini amalga oshirish uchun mo‘ljallangan Odessa porti akvatoriyasidan chiqarilgan”, — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi bayonotida.

Avvalroq G7 davlatlari Ukraina g‘allasini Qora dengiz orqali eksport qilish bo‘yicha muhim kelishuvni "uzaytirish, to‘liq amalga oshirish va kengaytirish"ga chaqirgandi. Bu haqda 23 aprel kuni Yaponiyaning Miyazaki shahrida bo‘lib o‘tgan "Katta yettilik" a’zo mamlakatlari qishloq xo‘jaligi vazirlari yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha kommyunikega tayanib, Reuters agentligi xabar berdi.

Hujjatda, shuningdek, "oziq-ovqatdan beqarorlik vositasi va geosiyosiy majburlash vositasi sifatida foydalanishga" urinayotgan Rossiyaning pozitsiyasi ham qoralanadi. G7 davlatlarining hamjihatlikda harakat qilish va "Rossiyaning oziq-ovqat "militarizatsiyasidan" eng ko‘p jabr ko‘rganlarni qo‘llab-quvvatlash"ga qat’iyligi tasdiqlandi.

Bundan tashqari, kommyunikeda G7'ga a’zo mamlakatlar Ukrainani tiklash va rekonstruksiya qilish, jumladan, qishloq xo‘jaligi yerlarini minalardan tozalash va qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini tiklash sohasida ekspertiza taqdim etish orqali qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklari e’lon qilingan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid