Jahon | 09:16 / 03.05.2023
8682
3 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston AQSh bilan hamkorlik rejasini ishlab chiqmoqda

Turkmaniston delegatsiyalarining AQSh va Germaniyaga tashriflaridan so‘ng, Ashxobodda ikki davlat bilan hamkorlikni, jumladan, xavfsizlik, iqtisodiyot va atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida rivojlantirish zarurligi e’lon qilindi.

Foto: Business Turmenistan

Turkmaniston hukumati joriy va kelgusi yillar uchun AQSh bilan hamkorlik rejasini ishlab chiqadi, u, jumladan, ikki davlat vakillarining tashriflarini o‘z ichiga oladi. Bu takliflar hukumat yig‘ilishida Turkmaniston bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov tomonidan berildi, u 23—24 aprel kunlari Vashingtonga tashrifi haqida hisobot taqdim etdi, deb yozadi 2 may, seshanba kuni “Neytral Turkmaniston” gazetasi.

Meredovning aytishicha, Vashingtondagi muzokaralarda xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda iqtisodiyot, energetika, atrof-muhitni muhofaza qilish va ilm-fan sohalarida hamkorlikni rivojlantirish muhokama qilingan. “Prezident Serdar Berdimuhamedov Turkmaniston va AQSh o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish maqsadida 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik yo‘l xaritasini yaratish, shuningdek, Turkmaniston va AQSh o‘rtasida turli darajadagi tashriflarni tashkil etish bo‘yicha reja tayyorlash takliflarini kiritdi”, — deyiladi nashr xabarida.

O‘z navbatida, mamlakat prezidenti “so‘nggi yillarda yangi mazmun kasb etgan” AQSh bilan muloqotning do‘stona xarakterini qayd etdi. U Turkmanistonning tashqi siyosati “tinchlikparvarlik, ijobiy betaraflik va konstruktiv xalqaro hamkorlik” tamoyillariga asoslanishini, mamlakat “barcha manfaatdor xorijiy sheriklar bilan samarali hamkorlik qilish uchun doim ochiqligini” ta’kidladi va TIV rahbarining takliflarini ma’qulladi.

Bundan tashqari, nashr Turkmaniston tashqi ishlar vazirining 25—28 aprel kunlari Germaniyaga tashrifi, uning doirasida, jumladan, qator kompaniyalar vakillari bilan uchrashgani haqida xabar berdi. Shu munosabat bilan Ashxobodda bo‘lib o‘tgan hukumat yig‘ilishida “texnologiya, innovatsiyalar, sarmoya, raqamli texnologiyalar va yashil iqtisodiyot kabi sohalarda aloqalarni kengaytirish muhimligi” qayd etildi. Berdimuhamedov “Turkmaniston-Germaniya hamkorligini uzoq muddatli, tizimli asosda yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator aniq ko‘rsatmalar berdi”, — deyiladi xabarda.

Mavzuga oid