Aprel oyi boshida tijorat banklarida ichki nazorat qoidalariga o‘zgartirishlar kiritilgan edi.

Unga ko‘ra, bank karta egalarining quyidagi operatsiyalari shubhali deb baholanadi:

  • mijozning bank kartasidan bank mobil ilovasi orqali bir vaqtdan ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida BHMning 500 baravariga (165 mln so‘m) teng yoki undan oshadigan umumiy summada pul mablag‘larini bir yoki bir nechta bank kartalariga yoxud elektron hamyonlarga o‘tkazilishi;
  • Mijozning bank kartasiga bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddatda BHMning 500 baravariga teng yoki undan oshadigan umumiy summada pul mablag‘larining bir yoki bir nechta bank kartalaridan yoxud elektron hamyonlardan kelib tushishi;
  • 5 ta va undan ortiq bank kartasidan (elektron hamyondan) bank mobil ilovasi orqali bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida xorijiy elektron hamyonga pul mablag‘larining o‘tkazilishi (yoki kelib tushishi);
  • 1 ta bank kartasi (elektron hamyondan) bank mobil ilovasi orqali bir vaqtda yoki ko‘p marotaba 30 kundan oshmagan muddat davomida 5 ta va undan ortiq xorijiy bank kartasiga yoki xorijiy elektron hamyonga pul mablag‘larining o‘tkazilishi (yoki kelib tushishi).

Shubhali deb baholangan operatsiyalarga oid ma’lumotlar vakolatli davlat organi bo‘lgan Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentiga beriladi.

Jamoatchilik faollari bu yangilik e’lon qilinishi bilan bu onlayn omonatchilar ham shubha ostiga olinishi yoki bir jismoniy shaxs o‘z kartasidan boshqa kartasiga 165 mln so‘mdan ko‘p mablag‘ o‘tkazishiga ham shubha bilan qaralishi borasida xavotir bildirdi.

Markaziy bank yangi qoidalar jismoniy shaxslarning omonatlari elektron hamyonlariga yoki bank kartalariga qaytarilishi, shuningdek, tovar va xizmatlar uchun to‘lovlarga tatbiq etmasligi haqida bayonot berdi.