Kun.uz muxbiri o‘n yillardan buyon Turkiyada yashab, ilmiy izlanishlar olib borayotgan vatandoshimiz Fazliddin Madiyev bilan saylov jarayonlari haqida suhbatlashdi. U Karabuk Universitetida Xalqaro siyosiy-iqtisod yo‘nalishida magistraturani tamomlagan.

Fazliddin Madiyev Turkiyadagi saylov jarayonlari, asosiy nomzodlar taklif qilayotgan dasturlar, turklarning siyosiy faolligi hamda qaysi nomzodning g‘alabasi o‘zbek vatandoshlar uchun afzalroq, ekani borasida so‘z yuritdi.

Fazliddin Madiyev

— Turkiyadagi saylovlar qanday bo‘lishi hamda nomzodlar haqida ma’lumot bersangiz. Ular nechta, qaysilari ko‘proq qo‘llanyapti?

— Bo‘lishi kutilayotgan saylov butun dunyoda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Turkiya tarixida bu darajada e’tiborda bo‘lgan, dunyo e’tiboriga tushgan saylov bo‘lmagan hali.

Ayni paytda 4 ta prezidentlikka nomzod bor: mamlakatning amaldagi rahbari Rajab Toyyib Erdo‘g‘an; Olti muxolifatchi partiyasi alyansidan (Xalq alyansi) nomzod va Turkiya Xalq partiyasi raisi Kamol Qilichdoro‘g‘li; «Vatan» partiyasi raisi Muharram Injye; (Muharram Injye ayni vaqtda o‘z nomzodini oldi) «Otaturkchilar ittifoqi»dan nomzod Sinan Ogan. Bulardan asosiy ikkitasi ko‘proq qo‘llovga ega. Ya’ni Erdo‘g‘an va Kamol Qilichdor o‘g‘li. Qolgan ikki nomzod 2-3 foiz ovoz to‘plashi taxmin qilinyapti. Asosiy kurash Erdo‘g‘an va Qilichdor o‘g‘li o‘rtasida bo‘ladi. Qo‘llovchilarning foiz ko‘rsatkichi ham katta farq qilmayapti. Masalan, bugun chiqqan ma’lumotlarga ko‘ra, Qilichdor o‘g‘lining imkoniyati ko‘proq. Turkiya saylovlari manipulyatsiya kuchliligi bilan ham ajralib turadi. Ammo amalda Erdo‘g‘anni qo‘llovchilar ko‘pdek ko‘rinyapti. Hammasi saylovdan so‘ng ma’lum bo‘ladi.

— Erdo‘g‘anning saylov oldidan jonli efirda sog‘lig‘i yomonlashib qoldi. Bu narsa uning imiji qanday ta’sir qildi?

— Erdo‘g‘anning jonli efir paytida sog‘lig‘i yomonlashishi katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Bir haftada sog‘aydi, degan gaplar noto‘g‘ri, u ikki kunda sog‘lig‘ini tiklagan. Siyosiy jihatdan bu holat yaxshimas baribir. Lekin meni atrofimdagi odamlarning ko‘pchiligi ham Erdo‘g‘anni saylash tarafdori. Shu bilan birga Turkiyada Erdo‘g‘andan charchash ham bor, ammo ayni paytdan undan yaxshisi yo‘q degan fikr bor. Yoshroq va siyosiy faol bo‘lgan boshqa odam bo‘lganda, biz unga ovoz berardik, degan qarash ham mavjud. Umuman olganda, Erdo‘g‘anning sog‘lig‘i yomonlashib qolishi, uning saylov kompaniyasiga katta ta’sir qilmadi.