«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi va Rossiya mudofaa vazirligi o‘rtasidagi ochiq tortishuvlar davom etmoqda. Bu safar «Putinning oshpazi» Rossiya harbiy idorasiga xat jo‘natgani, unda Baxmut shahrida RF mudofaa vazirligi bo‘linmalari bilan bog‘liq muammolar aks ettirilganini gapirib chiqdi, shuningdek, harbiy xizmatga safarbar qilinganlardan RF MV bo‘linmalarida boshqaruv risoladagidek bo‘lmagani sababli «Vagner» XHK safiga qo‘shilish haqida ko‘plab murojaatlar bo‘layotganini bildirdi.
Kutilganidek, RF mudofaa vazirligidagi bekitiqcha ishlashga ko‘nikib qolgan janoblar Prigojinga nainki javob qaytarishdi, hattoki bu xatni qabul qilishni ham o‘zlariga ep ko‘rishmadi. Rossiya Davlat dumasining mudofaa qo‘mitasi a’zosi, general-leytenant Viktor Sobolev Prigojinning «RF MV bo‘linmalarida boshqaruv risoladagidek bo‘lmagani sababli» safarbar etilganlarni «Vagner» safiga qo‘shib olish taklifidan nihoyatda g‘azablandi: «Xususiy harbiy kompaniya — noqonuniy qurollangan guruh, u qayerda ro‘yxatdan o‘tgani va nimalar bilan mashg‘ulligi noma’lum», dedi u.
Boz ustiga, Sobolev safarbar qilinganlarning «Vagner» XHKga o‘tishni (o‘zboshimchalik bilan emas, rahbariyatning ruxsat bilan, albatta) va «chinakamiga jang qilish»ni istayotgan Rossiya askarlariga jinoiy javobgarlik bilan tahdid qildi.
«Agar ular harbiy qismga jo‘natilgan bo‘lsa, o‘sha yerda turishsin va oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishsin. Ular frontda bo‘la turib, armiyadan keta olishmaydi. Harbiy qismini o‘zboshimchalik bilan tark etishni taqiqlovchi bir qator qonunlar bor va bunga jinoiy javobgarlik belgilangan: 10 yildan 15 yilgacha», — dedi Dumadagi general.
Tabiiyki, Prigojinning javobi ham uzoq kuttirmadi. U darhol Sobolevni «karton qo‘ng‘iz» deb atadi va uni tayyorgarlik ko‘rib, «frontga daf bo‘lish»ga chaqirdi.
Bu dahanaki janglarning barchasi Putinning o‘zi yaratgan Prigojin endi uning uchun katta bosh og‘riq va katta muammoga aylanganidan guvohlik berib turibdi, deb yozadi jurnalist va tarixchi Aleksandr Jyelenin.
Agar Dumadagi «karton» generallarning, hattoki «o‘zlari»ga ot choptirayotgan Prigojin hamon frontda va o‘z harbiy kompaniyasiga rahbarlik qilayotgan ekan, demak uning o‘zi ham, kallakesarlari ham Putinga hozircha kerak ekanini bildiradi. Lekin Putin uchun u muammoligicha qolaveradi va uni birinchi imkoniyatdayoq hal qilishiga shak-shubha yo‘q. Lekin hozir emas.




















