19 may kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida 2022 yilning 30 noyabr kuni profilaktika inspektorining o‘limiga sababchi bo‘lgan erkakka hukm o‘qildi.

Fojia Toshkent shahrining Olmazor tumanida sodir bo‘lgani haqida avval xabar bergandik. 1992 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi shar’iy nikohida bo‘lgan ayolni kechasi 00:50 lar atrofida hudud profilaktika inspektori boshqaruvida bo‘lgan Lacetti rusumli avtomobilda o‘tirgan joyida ushlab oladi.

Biroq Toshkent shahar IIBB tomonidan tarqatilgan rasmiy xabarlarda hodisa ichki ishlar xodimi xizmat vazifasini bajarayotgan vaqtda sodir bo‘lgani, tezkor chaqiruv bo‘yicha tumandagi G‘alaba mahallasiga yetib borganda muqaddam sudlangan 30 yashar erkak xodimning hayotiga tajovuz qilgani aytilgandi.

Sudlanuvchi sudda ushbu xabarlarni rad etib, voqea mutlaqo boshqacha shaklda ro‘y berganini ta’kidlagan.

“Lacetti ayolimning mahallasiga kirib ketyapti. Ayolim chiqib mashinaga o‘tirib ketyapti. Men [mashinada] ularning orasidan boryapman va kuzatyapman. Keyin anavi bolaga mashinadan tush deb aytdim. U “Sen kimsan?” deb so‘radi. “Eriman”, deb javob berdim.

Bir-birimiz bilan so‘kishyapmiz, bu gaplarni hazm qilib bo‘lmadi. Qonim qaynab qo‘limdagi pichoq bilan uning soniga bitta tiqdim. Baqir-chaqir bo‘lib ketdi. Pichoqni sug‘urib oldim-da ketdim.

Internetda ayoli bilan urishib qolibdi, shunda xotini “02” qilibdi, u [ya’ni profilaktika inspektori nazarda tutilmoqda – tahr.] kelibdi va pichoqlab qo‘yibdi degan yolg‘on xabarlar tarqalyapti menga nisbatan. Ikkinchi pichoqni men urmadim. Hech qachon qarsak bir qo‘ldan chiqmaydi. Men hozir u oq, bu qora yoki unda ayb, bunda ayb demoqchimasman. Bu ko‘zini qisibdi, u ipini uzibdi. Men bu yerda hozir haqiqiy qurbonman”, deya sudda ko‘rsatma bergan sudlanuvchi.

2022 yil 1 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida IIV mulozimi, polkovnik Hamza Maxsumov sudlanuvchining ayoli profilaktika inspektori katta leytenant N.Bobomurotovga qo‘ng‘iroq qilib, erim menga tazyiq o‘tkazyapti, o‘ldiraman deb aytyapti deb qo‘ng‘iroq qiladi. Chaqiruv bo‘yicha borgan IIB xodimi mashinada o‘tirgan vaqtda ayolning eri tomonidan pichoqlanishi natijasida vafot etgan.