Jahon | 07:53 / 22.05.2023
16631
3 daqiqa o‘qiladi

Moskva Qrimga zarba berilgan taqdirda “javob choralari” bilan tahdid qilmoqda

Ukraina Qurolli kuchlarining Qrim hududiga Amerikaning F-16 qiruvchi samolyotlaridan foydalangan holda berilishi mumkin bo‘lgan zarbalari Moskva tomonidan Rossiya hududlaridan biriga qilingan hujum sifatida baholanadi. Bu haqda Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov bayonot berdi. 

Foto: Lukasz Glowala/File Photo/REUTERS

"Men AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati vakillarini Qrim bo‘yicha, ayniqsa Kiyev rejimiga yarimorolga havo hujumlari uchun "ruxsat berish" bo‘yicha shoshqaloq qadamlardan ogohlantirmoqchiman. Eslatib o‘taman, biz buni Rossiya Federatsiyasining istalgan boshqa mintaqasiga hujum sifatida baholaymiz. Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning javobidan to‘liq xabardor bo‘lishi muhim”, — deb yozdi Antonov Rossiyaning AQShdagi elchixonasi Telegram-kanalida.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Rossiya Ukrainaga qarshi urushda mag‘lubiyatga uchrashiga va o‘z mamlakatidan hech qanday hududni tortib ololmasligiga ishonch bildirmoqda. 

"Rossiya nima qilsa ham, uning tajovuzkorligi mag‘lub bo‘ladi. U na Qrimni, na davlatimizning boshqa qismini o‘g‘irlay oladi. Bu sizlar bilan bizning uyimiz", - dedi Zelenskiy 18 may kuni Qrimtatarlari deportatsiyasining 79 yilligiga bag‘ishlangan qrim-tatar majlisi vakillari bilan uchrashuvda.

Davlat rahbari Ukrainada 79 yil muqaddam genotsid jinoyati sodir etilgan Qrim-tatar xalqi deportatsiyasi qurbonlari xotirasini hurmat qilishini ta’kidladi. "Yuz minglab odamlar begona yurtga haydab yuborildi. Butun bir xalq o‘z uyidan mahrum bo‘ldi va Qrimda bu haqda gapirgan hamma narsani yo‘q qilishga harakat qilishdi", - dedi Volodimir Zelenskiy.

Ukraina prezidentining so‘zlariga ko‘ra, 18 may nafaqat motam kuni, balki Qrimtatar xalqining huquqlarini tiklash va o‘z uyiga qaytish maqsadida birlashish kunidir. “Biz umumiy tariximizga butun xalqimiz uchun uyga ishonchli yo‘l ochadigan va butun yurtimiz ozodligining tayanchi bo‘ladigan umumiy g‘alabamiz kunini qo‘shish uchun hamma narsani qilamiz”, — dedi Volodimir Zelenskiy.

O‘z navbatida, Qrimtatar xalqi majlisi raisi Refat Chubarov shunday dedi: “Rossiya-Ukraina urushining tugashi nafaqat davlatimizning hududiy yaxlitligini tiklash, balki biz hozir boshdan kechirayotgan narsalar takrorlanmasligi mexanizmini yaratishdir".

Mavzuga oid