Hozircha gap Ukraina harbiylarini qiruvchisiz samolyotlarni boshqarishga o‘qitish haqida bormoqda. Ular aynan qanday uchoqlarda mashg‘ulot o‘tashi ham aniq emas. Ukraina dastlab qiruvchi samolyotlar so‘raganida qat’iy rad javobini olayotgandi. Shu sabab bu mavzuda muhokamalar boshlanganining o‘zi ko‘p narsani anglatadi. Zelenskiy G‘arbdagi ittifoqchilari bilan uchrashuvlarda ularni qiruvchi samolyotlar urushni tugatish uchun zarurligiga ko‘ndira olgan ko‘rinadi.

Britaniya hukumati ukrainalik uchuvchilarni qiruvchi samolyotlarni boshqarishga o‘qitish boshlanishini ma’lum qildi. Ularning bayonotida ham qanday turdagi samolyotlar haqida gap borayotgani aytilmagan.

«Yozda ukrainalik uchuvchilarni o‘qitishni boshlaymiz. Avvaliga boshlang‘ich tayyorgarlik o‘taladi. Ularga britaniyalik uchuvchilarga o‘qitiladigan mashg‘ulotlar o‘tiladi. Shu bilan birga, Britaniya Ukraina o‘zi xohlayotgan F-16 qiruvchilarini olishi uchun boshqa davlatlar bilan ish olib boradi», deyiladi Dauning-strit bayonotida.

Britaniya ukrainalik uchuvchilarni aynan F-16 qiruvchi samolyotlarini boshqarishga tayyorlashi haqida aytmagan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ham mamlakat ukrainalik uchuvchilarni o‘qitishga tayyorligini bildirgan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak niderlandiyalik hamkasbi bilan muzokara o‘tkazganidan keyin tarqalgan bayonotda shunday xulosaga kelish mumkinki, Britaniya Ukriana F-16 olishi uchun keragicha harakat qiladi, lekin ukrainalik uchuvchilarni modeli aytilmagan samolyotlarda tayyorlaydi.

«Bosh vazir Sunak hamda bosh vazir Ryutte Ukraina harbiy qudratini oshirish, uchuvchilarni tayyorlashdan boshlab F-16 qiruvchi samolyotlarini sotib olishgacha yordam berish uchun xalqaro koalitsiya tuzishga kelishib olishdi», deyiladi bayonotda.

Britaniya uchuvchilarni NATO arsenalida bo‘lgan deyarli barcha qiruvchi samolyotlarda parvoz qilishga tayyorlay oladi. Ammo mutaxassislar Britaniya armiyasida F-16 qiruvchilari yo‘qligiga e’tibor qaratgan.

Amerikaliklar gumoni

Muammo shundaki, Ukrainaga F-16 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish uchun avvalo ularni ishlab chiqaradigan AQSh bilan kelishish kerak. Amerikada esa Ukrainaga bunday tipdagi qiruvchilarni yetkazib berish borasida yakdillik yo‘q. Bu o‘ta jiddiy qurol bo‘lgani bois, uni qaysidir davlatga yetkazib berish masalasini faqat harbiylar emas, siyosatchilar ham hal qiladi.