2021 yilda o‘ynalgan, g‘oliblari 2022 yilda e’lon qilingan DV-2023 dasturida dunyo bo‘yicha 119 262 nomzod tanlangan. Ular 2022 yil 1 oktyabrdan 2023 yil 30 sentabrgacha o‘z mamlakatidagi AQSh elchixonasiga viza bo‘yicha intervyuga chaqiriladi. Salkam 120 ming g‘olibning 55 ming nafariga, ya’ni 46 foiziga AQSh vizasi beriladi. Bu degani har ikki g‘olibdan bittasi viza ololmaydi.
Grin-karta egalari tasodifiy tanlanadi. Hech qaysi mamlakatga umumiy «grin-karta»ning 7 foizidan ortig‘i berilmaydi. Ammo shu 7 foiz vizani olish ham kundan kunga qiyinlashib borayotgani aytilmoqda.
Hozirgacha g‘oliblarning 44 foizi suhbatga chaqirilgan. Dedlayn (30 sentabr) esa yaqinlashmoqda
5511 nafar O‘zbekiston fuqarosi DV-2023 dasturi g‘olibi bo‘lgan. Ya’ni shuncha hamyurtimiz AQSh vizasi uchun talabgorlik qilmoqda. Shundan hozirga qadar 825 ta keys (ariza) bo‘yicha 2425 kishi viza uchun suhbatga chaqirilgan. Bu – jami g‘oliblarning 44 foizini tashkil qiladi.
Vaholanki, g‘oliblar soni bo‘yicha O‘zbekiston bilan deyarli bir xil ko‘rsatkichga ega Jazoirdagi (ushbu davlatning 5526 nafar fuqarosi lotereyada g‘olib deb topilgan) AQSh elchixonasi tomonidan iyulgacha viza uchun intervyuga 3333 kishi (60,3 foiz) chaqirilgan. 4469 fuqarosi g‘olib bo‘lgan Marokashda 2795 (62,5 foiz), 3808 fuqarosi grin-karta yutgan Nepalda esa 3031 (79,6), 3525 nafar fuqarosi DV-2023 g‘olibi bo‘lgan Armanistonda esa 2751 (78 foiz) kishi iyulgacha viza uchun suhbatga kirib chiqishi kutilmoqda.
Bu statistika qaysi davlatlardagi AQSh elchixonalari DV dasturi g‘oliblariga viza ajratish uchun suhbat belgilashga vijdonan yondashishayotgani, qaysi davlatdagilari esa sustkashlikka yo‘l qo‘yayotgan bo‘lishi mumkinligi haqida xulosalar beradi.
Kun.uz'ga murojaat qilgan o‘zbekistonliklarga ko‘ra, AQShning Toshkentdagi elchixonasi moliyaviy yil so‘ngiga qadar grin-karta g‘oliblari uchun 2000-2500 ta viza ajratadi xolos. Basharti konsullar ishni kechiktirmay, elchixonaga ajratilgan 7 foiz vizaning hammasini tarqatganida 3850 kishi vizali bo‘lar, shunda DV-2023 dasturi g‘olibi bo‘lganlarning qariyb 70 foizi viza olishi mumkin edi.
“Nega katta keyslar uchun intervyu belgilanmayapti?”
Qoidaga ko‘ra, grin-karta g‘oliblari ma’lum qilingach, ulardan DS-260 shakl bo‘yicha anketa to‘ldirib yuborilishi so‘raladi. Shundan so‘ng anketa ma’lumotlari va vizaga talabgorlarning hujjatlari ko‘rib chiqilib, suhbat kuni belgilanadi.














