Ertaga, 28 may kuni «PSJ» rasman Fransiya chempioniga aylanishi ehtimoli katta. Bu chempionlikdagi yana bir jihat shuki, sovrin parijliklar uchun 11-chempionlik sanaladi va klub bu ko‘rsatkich bo‘yicha Fransiyada yakka peshqadamga aylanadi. «Sent Eten» klubida ham 10 ta chempionlik bor.

Albatta, bu dam olish kunlaridagi futbol intrigalarining eng kichigi. Oldinda bizni Bundesliga chempionligi masalasi, Italiya va Germaniyada YeChL o‘rinlari uchun kurash va La Ligadagi o‘rin uchun birdaniga yetti jamoaning kurashi kutib turibdi. Kuchli beshlikdagi so‘nggi turlar bo‘lgani uchun bu safar anonsimizni boshqacharoq formatda tayyorladik.

«Borussiya» Bundesligani yutadimi?

BORUSSIYa D – Mayns (27 may, 18:30)

Kyoln – BAVARIYa (27 may, 18:30)

Oxirgi marta «Borussiya» 2011/12 mavsumda Yurgen Klopp qo‘l ostida mamlakat chempioniga aylangandilar. Shundan buyon qatorasiga 10 mavsum «Bavariya»ning gigemonligida kechdi va bugun ushbu seriya yakuniga yetishi mumkin.

Buning uchun dortmundliklar o‘z maydonida turnir jadvali 9-o‘rinda borayotgan va plyus-minus bir pog‘onadan boshqa motivatsiyasi bo‘lmagan «Mayns» ustidan g‘alaba qozonsa kifoya. «Bavariya»ning kutilmaganda «Leypsig»dan mag‘lubiyati Terzich shogirdlariga mana shunday sovg‘a taqdim etdi. Albatta, mana shunday «sovg‘a»ni qabul qilib olish uchun ham o‘sha yerda turish kerak, ya’ni, agar yakunda chempion bo‘lishsa, «Borussiya» to‘liq bu sovringa haqli. Ayniqsa, o‘sha o‘n yil oldin «Borussiya»ga kelib, birorta ham sovrin yutmagan, chempionlik mundialini esa, jarohat tufayli o‘tkazib yuborgan Marko Roys faoliyatida chempionlik sovriniga ega bo‘lishga haqlidir. Hech bo‘lmasa, Dortmund muxlislarining ushbu o‘yinga tayyorlab qo‘yadigan performansi uchun ham uchrashuvni tomosha qilish shart.

«Borussiya»dan 2 ochko ortda borayotgan «Bavariya» esa, o‘z o‘yinini «Mayns»ning qo‘shnisi bo‘lgan «Kyoln»ga qarshi safarda o‘tkazadi. Myunxenliklar bu o‘yinda g‘alaba qozonishi va Dortmundda mezbonlarning mag‘lubiyati yoki durangidan umid qilishi kerak bo‘ladi. To‘plar nisbatiga ko‘ra «Bavariya» ustun, demak ochkolarning tengligi ham Tuxel shogirdlarining foydasiga ishlaydi.

YeChL sharqdan ikki jamoa?

AYNTRAXT – Frayburg (27 may, 18:30)

UNION BeRLIN – Verder (27 may, 18:30)

Tarixda birinchi marta, aniqrog‘i, Germaniya birlashganidan buyon, ilk marotaba sharqiy qismdan ikki jamoa YeChL ishtirokchisi bo‘lishga yaqin turibdi. «RB Leypsig» 4-o‘rindan 4 ochkoga ilgarilab ketdi va uchinchi o‘rinni rasman hal etdi. 4-o‘rin uchun kurash esa, hozirda teng ochko to‘plagan «Union Berlin» va «Frayburg» o‘rtasida bormoqda.