Qashqadaryoda faoliyat yurituvchi bloger Elmurod Odilov Yakkabog‘ tumanida fermerlar ishiga aralashganlik aybi bilan 15 sutkaga qamaldi.

Oliy sud axborotiga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tuman sudining 2023 yil 27 maydagi qaroriga asosan, Odilov MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 198-moddasi (hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilib, unga 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, 26 may kuni taxminan soat 22:30 atrofida Yakkabog‘ tumani «Ibn Sino» MFY hududidagi pilla saqlash omborxonasiga pillalarni qabul qilib olish jarayoni vaqtida o‘zini «Elmurod blog» deb tanishtirgan fuqaro Elmurod Odilov kelgan.

«Shu yerda fermerlarning ishiga aralashib, ularga turli nomunosib savol-javoblar qilishi oqibatida o‘rtalarida janjal kelib chiqqan. Ushbu jarayonda bloger fermerlarni haqorat qilgan. Pilla yetishtiruvchi fermerlar blogerning xatti-harakatlari yuzasidan Yakkabog‘ tuman IIBga murojaat qilgan. Odilovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning qator moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan», deyiladi viloyat IIB axborotida.

Daryo nashri esa bloger avvaliga pilla punktida IIB xodimlari tomonidan ayovsiz kaltaklangani haqida yozdi. Nashr muxbirining aniqlashicha, kaltaklangan bloger Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Fozil Xidirovning yoshlar yetakchilariga bergan topshiriqlari ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilishini yoritishga uringan, lekin to‘siqqa uchragan.

Nashr keltirgan skrinshotda, “Xidirov Fozil Keldiyarovich” ismli Telegram foydalanuvchisi barcha mahallalardagi yoshlar yetakchilariga murojaat qilgani ko‘rinadi.

“Hamma o‘zining hududidan bittadan schr (1 oylik harbiy xizmatga) fuqaroni topib, pulini to‘latib bormasa, vazifasidan ozod etishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi. Shu topshiriqqa mas’uliyat bilan qaranglar. Yig‘ilishga – pillaga soat 20:00da yetib boringlar”,