O‘zbekiston | 13:28 / 30.05.2023
8590
2 daqiqa o‘qiladi

Ekologik partiyadan prezidentlikka nomzod ma’qullandi

2023 yilning 30 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasining navbatdan tashqari s’yezdi bo‘lib o‘tdi.

Foto: ecouz

S’yezdda 2023 yil 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan muddatidan ilgari O‘zbekiston prezidenti saylovida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod ko‘rsatish hamda prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturi to‘g‘risidagi va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.

S’yezdda delegatlar e’tiboriga O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston prezidenti lavozimiga nomzod etib partiya Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Abdushukur Hamzayev tavsiya etildi.

Nomzodning Saylovoldi dasturida mamlakatda iqtisodiyotni isloh qilishga qaratilgan bir qator tashabbuslar ilgari surilmoqda. Pestitsidlardan foydalanishdan voz kechishga yo‘naltirilgan «Yashil O‘zbekiston – 2030» dasturini ishlab chiqish, «Yashil viza» dasturini joriy etish, tarmoqlar va hududlarning «yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi»ni ishlab chiqish, yuk tashishni yirik mashinalardan temiryo‘llarga o‘zgartirishga qaratilgan choralar shular jumlasidan.

Ijtimoiy sohada davlat stomatologik klinikalarini rivojlantirish, shaharlar Bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish, bir martalik ishlatiladigan plastik va polietilen tarkibli idishlardan foydalanishdan bosqichma-bosqich voz kechish, elektron sigaretlarni mamlakatga olib kirishni taqiqlash, 2030 yildan boshlab mamlakatda ichki yonuv dvigatelli yengil avtomobillarni sotishni hamda chetda olib kirishni taqiqlash kabi tashabbuslar ilgari surildi.

S’yezd delegatlari tomonidan O‘zbekiston prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatilgan Abdushukur Hamzayev va uning saylovoldi dasturi bir ovozdan ma’qullandi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Mavzuga oid