Ukraina hukumati ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan buyon AQShning 20 mingdan ortiq fuqarolari Volodimir Zelenskiy taklifiga ko‘ra Ukraina qurolli kuchlari tarkibida shakllantirilgan Xorijiy legionga qo‘shilish istagini bildirgan. Ukraina tomonida turib jang qilayotgan amerikalik ko‘ngillilarning aniq soni ma’lum emas. Ukrainadagi harbiy harakatlarning 15 oyida AQSh fuqarolari bo‘lgan kamida 16 nafar harbiy halok bo‘ldi. The Washington Post gazetasi Xotira kunida ularning besh nafari haqida ma’lumot e’lon qildi.

Ukrain harbiylari amerikalik ko‘ngilli Nik Maymerning tobuti bilan. 2023 yil 25 may
Yevhenii Zavhorodnii / Reuters / Scanpix / LETA

Endryu Piters, 28 yosh

Viskonsin shtati Marshfild shahridan, 2023 yil fevralida Ukrainada halok bo‘lgan. U televideniyeda Ukraina haqida berilayotgan xabarlar va Volodimir Zelenskiyning butun jahon bo‘ylab qurolli kuchlar faxriylariga Rossiya tajovuziga qarshi turishda Ukraina armiyasiga yordam berishni so‘rab qilgan videomurojaati ta’sirida 2022 yil noyabrida Xorijiy legionga qo‘shilgan.

Ukraina frontida omon qolgan ko‘ngillilar WP jurnalistlariga aytib berishicha, ularning o‘z vatanidagi nisbatan xavfsiz hayotni boshqa mamlakatdagi urush maydoniga almashtirish qarori AQSh qurolli kuchlarida xizmat qilish asosida yotuvchi shu kabi demokratik g‘oyalardan ilhomlangan: erkinlikka muhabbat, zulmga nafrat. Ba’zi hollarda tanlovga shaxsiy hayotdagi muammolardan qochish istagi yoki shunchaki harakatga tashnalik ta’sir ko‘rsatadi.

Endryuning otasi, Fors ko‘rfazidagi urush faxriysi bo‘lgan 53 yoshli Jon Pitersning so‘zlariga ko‘ra, uning o‘g‘li bir necha yil oldin armiyadan ketgach, Viskonsindagi fuqarolik hayotiga moslashishda qiynalgan. 2014 yilda u Afg‘onistonda xizmat qilgandi. Endryuning labrador-retriver zotli, qora tusli, Pepper laqabli xizmatdosh iti bo‘lgan, u armiyadan bo‘shaganidan keyin egasiga qiyinchiliklarni yengishda yordam bergan.

Ota-ona o‘g‘ilni Ukrainaga ketishdan qaytarishga urinadi, ammo uning qat’iyligini ko‘rib, ko‘ngillilar sifatida u bilan birga ketishga urinishadi. «O‘ylaymanki, u qari otasi baribir ergashmagani va uni xijolatga qo‘ymasligidan yengil tin olgan», — deydi Jon Piters.