Kremlparast OAV va blogerlar RT bosh muharriri Margarita Simonyanning Belgorod oblasti o‘qqa tutilmasligi uchun urushni to‘xtatish va Ukrainaning «bahsli hududlarida referendumlar» o‘tkazish kerakligi haqidagi so‘zlarini muhokama qilmoqda.

Targ‘ibotchi bu haqda 4 iyun kuni «Rossiya 1» telekanalidagi «Vechera s Vladimirom Solovevym» ko‘rsatuvida gapirdi. Simonyan bir kun avval Indoneziya mudofaa vaziri Prabovo Subianto tomonidan taklif qilingan Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish rejasida keltirilgan ta’riflardan foydalangan. U zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish, qurollardan xoli hudud yaratish va unda xalqaro tinchlikparvar kuchlarni joylashtirish, shuningdek, BMT vositachiligida «bahsli hududlar»da referendumlar o‘tkazish tarafdori edi.

Meduza nashri Simonyanning nutqidan ba’zi iqtiboslarni keltirdi.

— Ukraina qurolli kuchlari uzoq masofaga uchuvchi raketalar va qiruvchi samolyotlarni oladi. Ular bizga, bizning hududlarimizga zarba beradi. Belgorod oblastiga, undan ham uzoqroqqa, Voronej oblastiga, Xudo ko‘rsatmasin, Rostov, qadrdon Krasnodarga. Qrim haqida gapirmayapman.

Shundan keyin biz uchun «qizil chiziq» nima bo‘ladi? Biz hali bu chiziqni kesib o‘tganimiz yo‘q — bizga qarshi urushayotganlarga zarba bermadik. Shunday payt keladiki, biz qiruvchi samolyotlar uchadigan aerodromlarga, bularning barchasi ishlab chiqariladigan zavodlarga, portlarga zarba berishimiz kerak bo‘ladi. Lekin oxir-oqibat ular ham xuddi shunday javob qaytaradi. Bu xuddi bayramda bolalar bir-biriga tort uloqtirganga o‘xshaydi. Shunday bo‘lmasligini xohlar edim.

Indoneziya ajoyib reja bilan chiqdi. Men ham bu haqda gapirganman. Yil davomida shuni aytdim. Hozir qon to‘kilishini to‘xtatish juda ajoyib bo‘lardi. Hamma turgan joyida qoladi, muzlatiladi va Indoneziya taklif qilganidek referendum o‘tkaziladi. Barcha bahsli hududlarda referendum. Odamlar qayerda, kim bilan qolishni istasa, bu hudud o‘sha mamlakatga o‘tadi. Bu adolatli-ku? Biz bilan yashashni istamaydigan hududlar bizga kerakmi? Men bunga ishonchim komil emas. Va negadir prezidentga ham ular kerak emasdek tuyulmoqda.