Fan-texnika | 18:19 / 08.06.2023
81197
2 daqiqa o‘qiladi

Volvo EX30 elektromobilini taqdim etdi

Ixcham krossover 3,6 soniyada 100 km tezlikka chiqa oladi.

Foto: Volvo

Volvo kompaniyasi 7 iyun kuni rasman EX30 krossoverini taqdim etdi. Yangi model Volvo krossoverlari ichida eng tezkori hisoblanadi. Elektromobilning top komplektatsiyasi 100 km tezlik qayd etishi uchun 3,6 soniya kifoya qiladi.

Bundan tashqari, EX30 narxi sabab Volvo’ning eng ommabop avtomobillaridan biri bo‘lishi kutilmoqda. Volvo EX30 modelining bazaviy komplektatsiyasi uchun 36 ming dollar narx belgilagan. 

EX30 dizaynida uning «katta akasi» Volvo EX90’dan ilhomlanilgan. Mashina intererida esa skandinaviyaliklarga xos minimalizmdan foydalanilgan — hatto uskunalar boshqaruvi tugmalariga ham joy berilmagan, hammasi markazdagi 12,3 dyuymlik displey menyusi orqali boshqarilishi belgilangan. Avtomobil Harman Kardon audiotizimiga ega bo‘lgan. 

Raqamli texnologiyalarning qo‘llanishi jihatidan EX30 Volvo’ning eng ilg‘or avtomobiliga aylangan. Masalan, avtoparkovka funksiyasi orqali avtomobilni qiyin holatlarda ham parkovka qilish imkoniyati mavjud. Shuningdek, mashina 360 darajada atrof-muhitni ko‘rish tizimi (kameralar), panoramali lyuk, smartfonlar uchun simsiz zaryadlash qurilmalari bilan jihozlangan.

Modelning bazaviy komplektatsiyasi 268 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlangan. Avtomobil batareyasi sig‘imi esa 54 kVt/soatni tashkil etadi. To‘la quvvat bilan 344 km masofa bosib o‘tish mumkin. Shuningdek, 69 kVt/soat sig‘imlik batareyaga ega versiyada to‘la quvvat bilan 480 km masofa bosib o‘tish mumkin. Top komplektatsiya ikkita elektromotor bilan ta’minlangan, ular birgalikda jami 428 ot kuchini beradi.

Mashinaning uzunligi 4233 mm, eni 1837 mm, bo‘yi 1555 mmni, g‘ildiraklar bazasi esa 2650 mmni tashkil qiladi.

EX30’ni yetkazib berish 2024 yilga mo‘ljal qilingan.

Mavzuga oid