Turkiya Markaziy bankiga birinchi marta ayol kishi rahbar etib tayinlandi
Erdo‘g‘an bu lavozimga AQShda tahsil olgan, Amerika banklarida yuqori lavozimlarda ishlagan Hafiza Gaya Erkanni tayinladi. Saylovdan keyin milliy moliyaga mas’ul jamoaning yangilanishi mamlakatda ratsional iqtisodiy siyosatga qaytish umidlarini uyg‘otyapti. Ammo qayta saylangan prezident inflatsiyani pasaytirish uchun stavkalarni yetarli darajada oshirishga imkon beradimi, degan savol ochiqligicha qolmoqda.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Hafiza Gaya Erkanni mamlakat Markaziy bankining yangi rahbari etib tayinladi, deb xabar bermoqda Financial Times. Erkan bu lavozimdagi birinchi ayol bo‘ldi.
U Turkiya Markaziy banki rahbari Sahap Kavjio‘g‘lining o‘rnini egalladi, uning davrida inflatsiya 24 yillik eng yuqori darajaga ko‘tarilganiga qaramay, bazaviy stavka 19 foizdan 8,5 foizga tushdi.
Hozir 44 yoshda bo‘lgan Erkan Prinston universitetini (AQSh) tamomlagan, Goldman Sachs’da tahlilchilar guruhiga rahbarlik qilgan, Amerikaning First Republic bankida sakkiz yil ishlagan, bosh direktor lavozimiga qadar ko‘tarilgan (bank u ketganidan bir yil o‘tib bankrot bo‘lgan).
Avvalroq, 28 may kuni yangi muddatga qayta saylangan Erdo‘g‘an Merrill Lynch kompaniyasining London bo‘limida ishlagan, Turkiya moliya vaziri va bosh vazir o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan Mehmet Shimshekni Turkiya G‘aznachilik va moliya vazirligi rahbari etib tayinlagan edi.
Erdo‘g‘an, shuningdek, Jyevdet Yilmazni Turkiya vitse-prezidenti etib tayinladi. Shimshek global sarmoyadorlar orasida mashhur, Yilmaz esa sobitqadam iqtisodiy siyosat tarafdori sifatida ko‘riladi.
Yangi jamoaning kelishi sarmoyadorlarda Erdo‘g‘an an’anaviy iqtisodiy siyosatga o‘tadi degan ehtiyotkor optimizmni uyg‘otyapti, deya ta’kidlagan gazeta.
Mavzuga oid
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
09:50 / 04.11.2024
Turkiya TIV rahbari: Ukraina yaxlitligi tinchlikning shartidir
10:30 / 02.11.2024