Meni menda demang menda emasman,
Bir men bordir mendan menda ichkari.

Yunus Emro

Biz yashayveramiz. Tongda uyg‘onamiz, kun davomida odatiy yumushlarimiz bilan mashg‘ul bo‘lamiz. Asosan, jamiyat belgilab qo‘ygan qoidalar asosida hayot kechiramiz. Dunyodagi 70-80 foiz insonlarning hayoti shunday o‘tadi.

Har bir shaxs ichida o‘zga odam, o‘zga olam yashaydi. Ammo kamdan kam insonlar o‘sha o‘zga odamiga quloq soladi, uni namoyon qiladi. U bizning “men”imizdir. U bizni o‘zgacharoq yashashimizni, erkinroq nafas olishimizni, jamiyatdagi ko‘plab stereotiplarni buzib tashlashimizni istaydi. Ammo ko‘pincha qobiqni yorib chiqishimizga ba’zan kuchimiz, ba’zan esa jur’atimiz yetmaydi.

Elif Shafaqning “Ishqqa oid 40 qoida” asari aynan shu ichkaridagi “men”imizni qaysidir ma’noda izlashimizga, balki qisman topishimizga yordam beradi, yo‘l ko‘rsatadi.

Asar ikki davr – XIII va XXI asr voqealarini hikoya qiladi. Romanning yozilish uslubi juda o‘zgacha. Buni davr tafovuti ham ko‘rsatib turibdi. Undagi bosh qahramonlar: har bir shaxs ichida bitta yomon, bitta yaxshi shaxs yashirin deb bilguvchi, har yomonning bir yaxshisi bor, har yaxshining vaziyat taqozo etsa bir yomoni, albatta, bo‘ladi, degan fikrda yashovchi, hammani tushuna oluvchi, Xudoni izlab yo‘lga chiqqan Shams Tabriziy;

Shamsni o‘z ichidagi “men”i deb o‘ylaguvchi, Tabriziyga ma’naviy ishq orqali qattiq bog‘lanib, uning hajrida shoirga aylangan Mavlono Rumiy;

“Shirin shakkoklik” kitobini o‘qib, uni hatto umrida ko‘rmagan, dunyoning qaysidir burchagida kezib yurgan bir insonga xat yo‘llash orqali butun hayotiy “rejim”larini o‘zgartirgan, suratidagi “men”ini siyratidagi “men”iga almashtirib “programmalash”tirolgan Ella.

Ko‘pchilikdan eshitib qolamiz “dinda buning qoidasi unday, yo‘q xato qilyapsan bunday. Bundan so‘ng u keladi, undan so‘ng buni qilasan”, kabi tanbeh va o‘gitlarni. “Ishqqa oid 40 qoida”da bu kabi tanbehlar qoralanmaydi, ammo boshqacharoq talqin etiladi. Ya’ni “odamlar Xudo bilan qanday gaplashishlariga qarab hukm chiqarish kerak emas. Har bir insonning o‘z yo‘li va o‘z duosi bor. Xudo biz haqimizda aytgan so‘zlarimizga qarab hukm chiqarmaydi. U bizning qalbimizga teran nazar soladi.

Qonun-qoidalar (aqidalar) asosiy emas, asosiysi, bizning qanchalar sofligimiz. Oddiy misol: “Nega namoz o‘qimaysan?” degan savolga ayrimlar “asosiysi dilingda bo‘lsin”, deb javob beradi. Bu javobni noto‘g‘ri deb bo‘lmaydi. Dilingda bo‘lmasa-yu, ammo farz deb namoz o‘qiyversang, bu shunchaki amal bo‘lib qolaveradi. Endi tanganing ikkinchi tarafi ham bor: chindan dilingda bo‘lgan narsa amalga ko‘chmay qolmaydi… Ham dilda, ham amalda bo‘lishi qanchalar go‘zal!