2016 yilda O‘zbekistonda hokimiyat almashgach, yangi hokimiyat vakillari bir fikrni tez-tez takrorlab turadi. Prezident Mirziyoyev, har safar muhim chiqishlar qilganda, O‘zbekiston xalqi va davlatchiligiga qarab: “O‘zbekiston endi hech qachon ortga qaytmaydi!”, “oldingi boshqaruvga qaytmaydi!” deydi.
Jamiyatning ma’lum qatlami, bu bayonotni oddiy siyosiy chiqish deb qabul qilishi mumkin, lekin aslida, siyosatchilar biron bir pozitsiyani ko‘p takrorlashsa – demak, bu oddiy emas, maqsadli, ongli va o‘ta muhim vazifa yoki maqsad bo‘ladi. Prezident Mirziyoyevning “O‘zbekiston ortga, ya’ni qattiq avtoritar boshqaruvga qaytmaydi” degan ma’nodagi pozitsiyasi – juda muhim siyosiy va tarixiy vazifa hisoblanadi.
Birinchidan, bu bayonot bilan, 2016 yilga qadar hukm surgan siyosiy tizimga tanqidiy baho berilyapti. O‘sha davrdagi xato va kamchiliklar tan olinyapti. Eng katta muammo – davlatning tabiati bilan bog‘liq ekani rasmiylashtirilyapti.
Ikkinchidan, davlatga, davlat institutlari, mulozimlar va umuman, keng siyosiy sinfga prezident og‘zidan muhim siyosiy buyurtma berilyapti: “Qanchalik qiyin bo‘lmasin, O‘zbekiston diktaturaga, qattiq avtoritarizmga qaytmasligi kerak! Aks holda, biz o‘zimiz – barchamiz yutqazamiz!”
2016 yilga qadar O‘zbekiston o‘z misolida misli ko‘rilmagan repressiv davlatchilikni namoyon qildi. Dunyo davlatlari orasida O‘zbekistonning global reputatsiyasi o‘ta og‘ir bo‘ldi. Mintaqaviy liderlik uyoqda tursin, qo‘shni davlatlar bilan normal munosabatlar ham to‘liq izdan chiqqan edi.
Bugunga kelib, O‘zbekistondagi vaziyat ijtimoiy fikrda yana ziddiyatli deb ko‘rila boshladi – jamoatchilik nazarida vaziyat salbiylashmoqda. Buni OAV, ijtimoiy tarmoqlardagi sharhlar va munosabatlardan yaqqol ko‘rish mumkin.
Haqiqatda, keyingi oylarda ko‘plab voqea-hodisalar bo‘ldiki, jamoatchilikning hadiksirashi uchun asoslar bor. Yil boshida bir qancha jurnalist va blogerlarga nisbatan so‘roqlar uyushtirildi, qamoq choralari qo‘llandi. Jamoatchilik, ayniqsa jurnalistlar O‘zbekistonda so‘z erkinligining taqdiriga xavotirlar bildirdi.
Parallel ravishda, O‘zbekistonda nashidlar muammosi kuzatildi. Diniy motivdagi qo‘shiqlarni bilib-bilmay eshitgan ko‘plab yoshlarga nisbatan qamoq jazolari qo‘llandi. Jamoatchilik, bamisoli bu qamoqlarning asosida oldingi davrdagi kabi, nohuquqiy, siyosiy motivlar bormikin degan gumonlar bildirdi.
Shuningdek, keyingi oylarda ichki ishlar tizimi tomonidan gumonlanib qo‘lga olingan shaxslarning so‘roqlar davrida, qiynoqlardan vafot etgan holatlari, ancha ko‘paydi. Bir safar, bu qiynoqlarni IIV tan olsa, boshqa safarlar gumonlanuvchining o‘zini aybdor qilish holatlari kuzatildi. Lekin har safar IIVning bayonotlari jamoatchilikni qoniqtirmadi, jamiyatning davlat institutlariga bo‘lgan ishonchsizligini yanada oshirdi.

















