May oyi oxirida Turkiya prezidenti lavozimiga qayta saylanishga muvaffaq bo‘lgan Rajab Toyyib Erdo‘g‘an saylovdan keyin hukumatda muhim o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Eng katta yangiliklardan biri – g‘aznachilik va moliya vaziri lavozimiga Mehmet Shimshekning tayinlanishi bo‘ldi.

2009-2015 yillarda ham bu lavozimda ishlab, Turkiyaning 2008 yilgi global moliyaviy inqirozdan tiklanishida katta rol o‘ynagan Mehmet Shimshekning fiskal organ rahbarligiga qaytishi iqtisodchilarda giperinflatsiyaga sabab bo‘layotgan Erdo‘g‘anning past foizlar siyosatiga barham berilishi umidlarini uyg‘otdi.

Iqtisodiyot faniga qarama-qarshi o‘laroq asosiy stavkani ma’muriy pasaytirib kelgan Erdo‘g‘an bu siyosatidan voz kechishga qanday rozi bo‘ldi? Middle East Eye nashri o‘z manbalariga tayangan holda bu savolga javob izladi.

Nashrning yozishicha, Shimshek va prezident o‘rtasida saylovdan oldin bir necha bor uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan. Bu uchrashuvlarga iqtisodchi quruq qo‘l bilan kelmagan – u davlat rahbarini Turkiya iqtisodiyoti qay ahvolda ekanini ko‘rsatuvchi barcha ma’lumotlar bilan tanishtirgan.

May oyidagi uchrashuvlardan biri 2,5 soat davom etgan. Bu muloqotdan xabardor uch manbaning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvda Shimshekning taqdimoti Erdo‘g‘anni noqulay ahvolga solgan. Prezident unga vaziyatni so‘z bilan tasvirlab berishining o‘zi yetarli ekanini aytgan.

“Siz hamma ma’lumotlarni ko‘rishingiz va nima bo‘layotganini o‘zingiz tushunib olishingiz kerak”, – degan javob bilan taqdimotini davom ettirgan Mehmet Shimshek.

56 yoshli Mehmet Shimshek 2009-2018 yillarda Turkiya hukumatining iqtisodiy blokini boshqargan. Iqtisodiyotning 2008 yilgi jahon moliyaviy inqirozidan chiqishida va soliq islohoti o‘tkazilishida uning hissasi katta bo‘lgan. / Foto: Reuters

Erdo‘g‘an uni moliya vaziri bo‘lishga ko‘ndirmoqchi bo‘larkan, Shimshek bunga osonlikcha rozi bo‘lmagan. U prezidentdan Turkiyaning iqtisodiy tuzilmasini keng ko‘lamda qayta ko‘rib chiqishni talab qilgan. Bu esa Erdo‘g‘anning g‘ayrioddiy pul-kredit siyosatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri zid edi.

Foizlarni sun’iy pasaytirish, qarzlarning o‘sishi, maoshlarni oshirish, soliqlardan kechib yuborish va bepul gaz kabilarni o‘z ichiga olgan iqtisodiy siyosat – inflatsiya juda yuqorilab ketganiga qaramay – saylovda yana g‘alaba qozonish uchun Erdo‘g‘anga qisman qo‘l keldi. Lekin buning to‘lovi anchagina qimmatga tushdi: hukumat saylovdan oldin lira kursini barqarorlashtirish uchun Markaziy bank zaxiralarini yoqib tugatdi.