Jahon | 09:01 / 14.06.2023
11047
2 daqiqa o‘qiladi

Trampga sudni garov pulisiz tark etishga ruxsat berildi

AQSh sobiq prezidenti 37 ta bandning birortasi bo‘yicha ham o‘z aybini tan olmadi. Trampga nisbatan safar bo‘yicha cheklovlar joriy etilmadi.

Foto: CNBC

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp federal jinoiy ish bo‘yicha o‘z aybiga iqror bo‘lmadi, u o‘z lavozimini tark etganidan keyin milliy xavfsizlik hujjatlarini noqonuniy saqlagan va ularni qaytarishga uringan amaldorlarga yolg‘on gapirgan. Amerikalik siyosatchi 13 iyun, seshanba kuni Mayamidagi federal sudda Jonatan Gudman oldida chiqish qildi.

Trampga hech qanday shartlarsiz yoki harakatlanish cheklovlarisiz sudni tark etishga ruxsat berildi va hech qanday garov talab qilinmadi. Gudman qaroriga ko‘ra, Trampga ish bo‘yicha potensial guvohlar bilan muloqot qilish taqiqlangan.

Bu ish bo‘yicha ayblanayotgan Trampning sobiq yordamchisi Uolt Nauta sobiq prezident bilan sudga kelgan, biroq 27 iyungacha aybiga iqror bo‘lishi shart emas, chunki uning hali mahalliy advokati yo‘q.

Oq uy sobiq rahbariga Federal tergov byurosi Floridadagi qarorgohida reyd uyushtirganidan so‘ng boshlangan maxsus tergov doirasida 37 ta band bo‘yicha ayblov e’lon qilindi.

Tramp 2021 yilda prezidentlikdan ketganidan keyin maxfiy hujjatlarni Milliy arxivga topshirmagani munosabati bilan Josuslik to‘g‘risidagi qonun va boshqa qonunlarni buzganlikda ayblanmoqda.

Rasmiylar u tergovchilarga to‘sqinlik qilish uchun til biriktirgan va ruxsat etilmagan shaxslar bilan milliy xavfsizlik sirlarini bila turib muhokama qilgan deb hisoblamoqda.

Mavzuga oid