Xitoyning hudud va aholi resurslari bo‘yicha ustunligi ko‘proq foyda bersa, yaponlarning misli ko‘rilmagan mehnatkashligi va tirishqoqligi ko‘p sohalarda xitoyliklarning g‘olibligini yo‘qqa chiqarib qo‘yadi.
O‘zaro raqobat transport, ayniqsa temiryo‘l sohasida ham ko‘zga tashlanadi. Tezkor poyezdlar tajribasi ikki davlat o‘rtasida o‘ziga xos poygaga aylangan. Yaponiya Ikkinchi jahon urushidan keyingi taraqqiyotdan so‘ng, sohada inqiloblarni boshlagan bo‘lsa, Xitoyning muvaffaqiyatlari asosan eng yangi tarixga to‘g‘ri keladi.
Oltmish yil avvalgi muvaffaqiyat
1964 yilda, ya’ni Yaponiya Xirosima va Nagasaki shaharlari atom bombasi ostida qolib, urushda mag‘lub bo‘lganidan bor-yo‘g‘i 19 yil o‘tib, Tokio va Osakani bog‘lovchi tezyurar poyezd qatnovini yo‘lga qo‘ydi.
Bu poyezd Sinkansen deya ataladi. 1964 yildayoq uning tezligi soatiga 210 km/sni tashkil etdi. Ayni paytda u Kyusyu orolidan Xokkaydogacha bo‘lgan hududni qamrab olgan va dunyodagi eng ko‘p yo‘lovchi tashiluvchi yo‘nalishlardan sanaladi. 2008 yilga kelib, Sinkansen orqali yiliga 151 million kishi tashildi.
1986 yilga kelib, Sinkansen tezligi soatiga 220 kilometrga oshirilgandan so‘ng, Tokio va Osaka o‘rtasidagi sayohat vaqti 3 soatgacha qisqardi. Ko‘p o‘tmay, 1992 yilda yangi Nozomi poyezdlari soatiga 270 kilometrgacha yura boshladi, buning natijasida sayohat vaqti 2 soat 30 daqiqagacha qisqardi.
2015 yilda maksimal tezlik soatiga 285 kilometrga ko‘tarildi, umumiy vaqt esa 2 soat 22 daqiqaga qisqardi.
Toxoku liniyasi 1982 yilda ochilganida soatiga 210 kilometr tezlikka erishgan. 1985 yilda 240, 1992 yilda 275 va 2011 yilda soatiga 300 kilometrga ko‘tarildi.

2013 yildan beri uning maksimal tezligi soatiga 320 kilometrni tashkil etdi, bu barcha Sinkansen liniyalari orasida eng tezdir.
Sinkansen nafaqat tezlik, balki tig‘iz grafik bilan ham o‘ziga xos sanaladi. Masalan Tokaydo liniyasida bir kunda 340 dan oshiq reyslar bor, har uch minutda poyezdlar qatnovi ham kuzatiladi.


















