Gazeta.uz'ning yozishicha, 27 iyunga o‘tar kechasi Rossiyaning Samara viloyatida A-300 Samara-Bolshaya Chernigovka federal magistralining 110-kilometrida Honda miniveni va Hyundai avtomobili to‘qnashib ketdi, deb xabar berdi Qirg‘iziston TIV matbuot xizmati.
Baxtsiz hodisa oqibatida olti kishi halok bo‘lgan - ikki Qirg‘iziston fuqarosi, bir erkak va bir ayol (1992 va 1979 yilda tug‘ilgan), shuningdek, to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi.
7 kishi (1988, 1990, 1993, 1993, 1994, 1996, 2003 yilda tug‘ilgan erkaklar) kasalxonaga yotqizilgan.
Yo‘l-transport hodisasining sabablari va tafsilotlari aniqlashtirilmoqda.
Qirg‘iziston tomoni bu masala Tashqi ishlar vazirligi va mamlakat elchixonasi nazoratida ekanini ma’lum qildi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xorijdagi vatandoshlar bilan sodir bo‘lgan voqealar haqida hozircha ma’lumot bermadi.
















