Ilkay Gundo‘g‘an «Barselona»ga o‘tdi. 32 yoshli futbolchi Xavi jamoasini, albatta, kuchaytiradi. Nega? Va qanday rolda? Quyida shu haqda fikr yuritiladi.
Gundo‘g‘an — yarimhimoyaning istalgan pozitsiyasida o‘ynay oladigan futbolchi va bir vaqtning o‘zida bir necha top-murabbiylar bilan ishlashda noyob tajribaga ega: Gvardiola bilan 7 yil, Klopp bilan 4 yil, Tuxel bilan bir mavsum. Bunga Germaniya milliy jamoasidagi Lyov va Flikni ham qo‘shing. Ajoyib ro‘yxat.
Ochig‘i, bu tajriba yarimhimoyachining kelajakda murabbiy bo‘lish istagiga ta’sir ko‘rsatgan: «O‘ylaymanki, dunyoning eng zo‘rlari bilan ishlagandan keyin murabbiy bo‘lib ishlab ko‘rish imkoniyati haqida o‘ylamasam, aqldan ozgan odam bo‘lardim».
Ilkay — aqlli futbolchi, o‘yinni mukammal tahlil qila oladi va to‘g‘ri qaror qabul qiladi. Mana Gvardiolaning so‘zlari: «U juda — aqlli yigit, aqlli futbolchi! Futbolchilarda men qadrlaydigan asosiy fazilatlardan biri — bu aql. Menga maydonda nima bo‘layotganini tushunadigan va himoyada ham, hujumda ham muammolarni tezda hal qiladigan o‘yinchilar yoqadi».
Gundo‘g‘an yarimhimoyada istalgan rolni o‘ynashga qodir. «Manchester Siti»da u «sakkizlik», tayanch yarimhimoyachisi va «aldamchi to‘qqizlik» pozitsiyalarida o‘ynadi. Shuningdek, Rodri bilan tandemda harakat qilib, ortdan qo‘shilgan holda jarima maydonchasi tashqarisidan zarbalar berardi yoki hujumga ikkinchi temp bag‘ishlardi. Umuman olganda, Pep uni yarimhimoyaning hamma joyida sinab ko‘rdi va futbolchi ishini yaxshi bajardi.
Yana Gvardiolaga so‘z beramiz: «Ilkay — juda muhim futbolchi. U turli pozitsiyalarda o‘ynay oladi: tayanch zonasida barqaror, shu bilan birga jarima maydonchasida ham xavfli bo‘lishi mumkin — har jihatdan ajoyib o‘yinchi».
Quyida Gundo‘g‘anning Premer-liganing o‘tgan mavsumida to‘pga tegingan hududlari xaritasi. Futbolchi deyarli hamma joyda harakatlangan.

U ko‘proq chap qanotga moyilligini ko‘rish mumkin. Nominal ravishda, Ilkay ko‘pincha o‘yinni «chap sakkizlik» rolida boshlagan.
«Barselona»da bu uning asosiy pozitsiyasiga aylanishi mumkin. Ammo bu yerda Xavi jamoasidagi yarimhimoya bilan umumiy kartinani yana bir bor tushunish kerak. Kataloniyaliklarning o‘ziga xos o‘yinchilari bor, ammo jamoadan ketgan Busketsning o‘rniga aniq o‘rinbosar yo‘q. Tayanch yarimhimoyachisi izlash klub uchun yozgi transfer oynasining asosiy vazifasi hisoblanadi.



















