Chinnigul Do‘stxo‘jayeva 71 yoshda. U O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida o‘qib, bakalavr darajasini oldi.

“Oilam uchun o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘lgandim”

Taxtako‘pir tumanida tug‘ilganman. Keyin Xo‘jayli shahriga ko‘chib ketganmiz. Chunki mendan oldin 7 nafar farzand nobud bo‘lgan. O‘sha paytda ota-onamga “bir daryo nariga ko‘chib ketinglar, bo‘lmasa, bu farzandingiz ham o‘ladi” deyishgan. Ota-onam bir daryo emas, uch daryo uzoqroqqa – Xo‘jayli tumaniga ko‘chib ketishgan.

1970 yil boshlarida texnikumda akusher ginekologlikka o‘qidim, lekin bu kasb bo‘yicha ishlamadim. San’atga qiziqishim kuchli bo‘lgani uchun televideniye, radio, ansamblda qo‘shiqlar aytardim. Efirga qo‘shiqlarni o‘zim tayyorlab chiqardim. Shunday qilib, televideniyeda qo‘shiqlarimni aytib yuraverdim, 1979 yil Toshkentga qarab ketdim, san’at texnikumiga o‘qishga kirdim.

O‘qishni bitira olmadim, 2 yil o‘qib, o‘qishni tashlab ketishga majbur bo‘lganman. 1981 yil qizim 7 sinfda o‘qir, o‘g‘lim 1,5 yashar edi. Onam va turmush o‘rtog‘im o‘qishimni xohlashmadi. Oilam uchun o‘qishni tashlashga majbur bo‘ldim: o‘g‘lim betob, bolalarimga g‘amxo‘rlik qilishim kerak edi.

“Bir kun ham o‘qishni qoldirmaganman”

Bir necha yil oldin o‘qishni davom ettirishga qaror qildim. Oliy ta’lim vazirligiga borib tashlagan o‘qishimni davom ettirish niyatida ekanimni aytdim. “Istalgan o‘qishingizda o‘qishingiz mumkin, hech qanday cheklov yo‘q” deyishdi. Madaniyat institutiga borib, hujjatlarimni so‘radim, 3 kunda ularni topib berishdi. Ular ham “istalgan o‘qishingizga kirib o‘qishingiz mumkin, yoshingizning ahamiyati yo‘q” deyishdi.

Shundan keyin San’at va madaniyat instituti Nukus filiali rektorining oldiga kirdim. Rektor “imtihondan o‘tsangiz olaman, bo‘lmasa olmayman” dedi. Avgust oyining boshida ijodiy imtihon topshirdim. Ansamblda uzoq ishlaganim uchun yetarli tajriba va bilimim bor edi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tdim.

Institutdagilar “sentabrdan o‘qishga kelavering, o‘qishga kirdingiz” deyishdi. Sentyabrda o‘qishga borsam, dekanat mendan sirtqi ta’limda o‘qiysizmi yoki kunduzgidami deb so‘radi. Men kunduzgi ta’limda o‘qishni xohladim. Qizim, o‘g‘lim va nevaralarimning barchasini o‘qitdim. Endi o‘zim ham o‘qishni xohladim. Har kuni ertalab 8:00da o‘qishga borib o‘tirardim, barcha imtihonlarni 4-5ga topshirganman, bir kun ham o‘qishni qoldirmaganman.