2 iyul, yakshanbaga o‘tar kechasi noma’lum shaxslar Belarusning Niderlandiyadagi elchixonasiga hujum qildi. Haagadagi diplomatik vakolatxona binosining bir nechta oynalari singan. Bundan tashqari, "Yashasin Belarus!" va Belarus hukmdori Aleksandr Lukashenkoni terrorizmda ayblagan yozuvlar qoldirilgan, deb xabar berdi Gollandiyaning Omroep West media kompaniyasi.

Politsiya 31 yoshli erkakni hujumda gumon qilib hibsga oldi. Voqea yuzasidan tergov boshlangan. Belarus Tashqi ishlar vazirligi vandalizm aktini tasdiqladi.

Niderlandiya parlamentining “Demokratlar 66” so‘l-liberal partiyasi a’zosi Syord Syordsma voqeani qoralab, xorijiy davlatlar elchixonalari va qarorgohlariga hujum qilmaslikka chaqirdi. Bunday harakatlar xorijdagi niderland diplomatlarini "ko‘proq himoyasiz qiladi", dedi parlamentariy.