Jahon | 08:22 / 03.07.2023
14103
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Mudofaa vazirligi Prigojinning "Konkord" kompaniyasi bilan shartnomani bekor qildi

23 iyundan buyon "Konkord" holdingida hujjatlar yo‘q qilinyapti, uning xodimlari esa tovon pulisiz ishdan bo‘shatilyapti, deya xabar berdi OAV.

Foto: Yuriy Belinskiy/TASS

"Vagner" XHK egasi Yevgeniy Prigojinga tegishli bo‘lgan va armiya uchun oziq-ovqat yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan "Konkord" korxonalari guruhi xodimlari holding va Rossiya Mudofaa vazirligining quyi tashkilotlari o‘rtasidagi shartnomalar buzilganligi sababli tovon pulisiz ishdan bo‘shatildi. Bu haqda 2 iyul, yakshanba kuni "Ostorojno, novosti" Telegram-kanali ma’lum qildi. Hozircha bu ma’lumotning rasmiy tasdig‘i yo‘q.

Loyiha manbasiga ko‘ra, 23 iyundan - "Vagner" XHK isyoni boshlangan kundan - "Konkord" holdingi korxonalari uzilishlar bilan ishlamoqda va "tekshiruvlarni kutishmoqda, hozirda rahbariyat buyrug‘i bilan hujjatlarni yo‘q qilishmoqda". Prigojinning asosiy aktivlari bilan bog‘liq holding boshqa shaxsga o‘tishi taxmin qilingan edi, ammo 1 iyul kuni korxona xodimlari ishdan bo‘shatilganligi to‘g‘risida xabardor qilindi.

Rossiyaning turli mintaqalaridagi ko‘plab yuridik shaxslarni o‘z ichiga olgan holding bir necha ming xodimni ish bilan ta’minlaydi, deya qayd etadi "Ostorojno, novosti". Ularning barchasi, loyihaga ko‘ra, faqat “o‘z xohishiga ko‘ra ariza bilan” va tovon puli to‘lanmasdan ishdan bo‘shatiladi. Bu haqdagi ma’lumotlar xodimlarga og‘zaki yetkazildi.

Prigojinning isyonidan ko‘p o‘tmay, Rossiya tadbirkorning korxonalari - "Vagner" XHK va "Konkord" kompaniyalariga homiylik qilganini tan oldi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida holding “armiyaga ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatib”, davlatdan 80 milliard rubl olgan. Keyinchalik, Rossiya televideniyesidagi "Vesti nedeli" dasturining efirida "Vagner" XHK davlat bilan tuzilgan shartnomalar bo‘yicha 858 milliard rubl olgani, "Konkord" 845 milliard rubllik xizmatlar ko‘rsatgani e’lon qilindi.

Mavzuga oid