4 iyul kuni tongda Grozniy shahrida «Novaya gazeta» jurnalisti Yelena Milashina va advokat Aleksandr Nemovga hujum qilindi. Milashina va Nemov Grozniydagi aeroportdan chiqib harakatlangan avtomobil niqobdagi shaxslar tomonidan to‘xtatilgan. «Novaya gazeta» xabariga ko‘ra, jurnalist ayol va advokatni dubinkalar bilan kaltaklashgan, jumladan yuz qismiga tepishgan. Ularning telefonlari tortib olinib, blokirovkadan yechish talab qilingan, texnika va hujjatlari yo‘q qilingan. «Qiynoqlarga qarshi jamoa» («Komandy protiv pytok») rahbari Sergey Babinetsning aytishicha, Milashina va Nemovni kaltaklaganlar ularga ular yoritgan «barcha sud va ishlar haqida eslatgan». «Bu banditcha hujum emas, balki ularning faoliyati uchun qilingan hujum edi», — deya qayd etgan u.

Milashina va Nemov mahalliy shifoxonaga olib borilgan. Jurnalistga bosh miya yopiq jarohati, barmoqlar sinishi jarohati tashxisi qo‘yilgan. «Jurnalistning butun tanasida ko‘karishlar bor, boshi taqir qilingan va zelyonka (ko‘kdori) chaplab tashlangan. Uni bunday holatda maxsus transporsiz tashib bo‘lmaydi, deb xabar qilmoqda hamkasblari», — deya yozgan «Memorial». «Novaya gazeta» xabariga ko‘ra Milashina bir necha bor hushini yo‘qotgan, shifokorlar Milashinaning MRT natijalarini qo‘lga berishmayotgani qayd etilgan. Nemov esa kaltak zarblaridan tashqari, pichoq bilan ham jarohatlangan.

«Novaya gazeta» jurnalisti va advokat Grozniyga Zarema Musayevaga hukm o‘qiladigan sudda qatnashish uchun yetib kelishgandi. Musayeva — «Qiynoqlarga qarshi qo‘mita»ning sobiq huquqshunosi Abubakar Yangulbayev hamda chechenlarning muxolifatchi «Adat» harakati asoschilaridan biri sifatida ko‘riladigan Ibragim Yangulbayevning onasi hisoblanadi. 2022 yil yanvarida chechen kuchishlatar tuzilmalari Musayevani Nijniy Novgoroddan Chechenistonga o‘g‘irlab ketishgandi. Unga nisbatan politsiyaga kuch ishlatish bo‘yicha ish ochilgan. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Nijniy Novgoroddan olib kelish chog‘ida Musayeva go‘yoki «politsiya xodimiga hujum qilgani va uning ko‘zini o‘yib olishiga bir baxya qolgani»ni aytgan. Prokuror Musayevani besh yarim yil muddatga qat’iy tartibli koloniyaga hukm qilishni so‘ragandi.