O‘zbekiston | 08:50 / 04.07.2023
1919
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda Malayziya ishtirokida qo‘shma klinika ochiladi

O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Malayziya sog‘liqni saqlash vaziri Zaliha Mustafa bilan Kuala-Lumpurda uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Muzokaralar jarayonida hamkorlik istiqbollari, jumladan sog‘liqni saqlash sohasida ilg‘or tajriba almashish, respublika mutaxassislarining Malayziyada malakasini oshirish, o‘zaro metodologik ko‘mak ko‘rsatish masalalari muhokama qilindi.

Zaliha Mustafa hamkorlik aloqalarini turli yo‘nalishlarda jadallashtirish va buning uchun huquqiy bazani rivojlantirishga tayyorligini ta’kidladi. U joriy yilning mart oyida Kuala-Lumpurda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Malayziya milliy yurak instituti o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanganini ijobiy baholab, uni amaliy loyihalar bilan boyitish kerakligini ma’lum qildi. 

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Malayziya Sog‘liqni saqlash vazirliklari, yetakchi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va o‘quv muassasalari o‘rtasida hamkorlikni jadallashtirish, respublika mutaxassislarining malakasini oshirish va zamonaviy davolash metodikalari bo‘yicha ilg‘or tajriba almashish, qo‘shma tadqiqotlar amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi shifokorlarini avgust oyida Kuala-Lumpurga stajirovkaga yuborish hamda oktabr oyida Toshkent shahridagi Xalqaro kardiologlar ilmiy-amaliy konferensiyasida Malayziya yurak instituti vakillarining ishtirok etishi rejalashtirildi.

Malayziyaning yetakchi tibbiyot muassasalari va farmatsevtika kompaniyalarini jalb etgan holda O‘zbekistonda qo‘shma klinika ochish va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihasini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib olindi.

Mavzuga oid