1995 yil Janubiy Koreya poytaxti Seul shahridagi ko‘p qavatli savdo markazi qulab tushadi. Oqibatda 500 dan ortiq odam halok bo‘ladi, minglab insonlar jarohatlanadi. Hodisa taftish qilinganda bino qurilish normalariga rioya qilinmasdan qurilgani, sement va armatura me’yordan kam ishlatilgani, bino tepasidagi so‘nggi qavat o‘zboshimchalik bilan qurilgani aniqlanadi.

Garchi Janubiy Koreya dunyoning rivojlangan va boy davlatlaridan biri bo‘lsa-da, bu mamlakat ham korrupsiyadan xoli emas. Har yili ko‘plab mansabdorlar turli korrupsiya ishlarida ayblanadi.

Janubiy Koreyadagi korrupsion ishlarning ma’lum qismi qurilish sohasiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni yer olish, qurilish loyihalarini o‘zgartirish va hokazo. 1995 yilda Seulda sodir bo‘lgan fojianing ildizi ham aynan qurilish sohasidagi korrupsiyaga taqaladi.

O‘shanda sifatsiz qurilgan savdo markazi binosi qulab tushadi. Oqibatda ko‘plab insonlar halok bo‘ladi va jarohatlanadi. Surishtiruvlarda, buyurtmachi davlat amaldorlariga pora berib loyihani o‘zgartirgani va to‘rt qavatli turar joy binosi o‘rniga besh qavatli savdo markazi qurgani aniqlanadi.

Ana shu fojia keyinchalik Janubiy Koreyada qurilish bilan bog‘liq turli normalar nazoratining keskin kuchaytirilishiga sabab bo‘ladi.

Halokatdan avval

1981 yilda Seul shahri 1988 yilda bo‘lib o‘tadigan yozgi olimpiada o‘yinlarini o‘tkazish huquqini yutib oladi. Shundan so‘ng Janubiy Koreya poytaxtida juda katta ko‘lamda qurilish ishlari boshlanib ketadi.

Sportchilar va turli delegatsiyalarning istiqomat qilishlari uchun ko‘p qavatli uylardan iborat "Olimpiada shaharchasi" qurila boshlanadi. Shuningdek shaharning boshqa hududlarida ham uy-joylar qurilishi jadallashtiriladi.

Seuldagi olimpiya shaharchasi. Sport inshootlari va uning yonida joylashgan ko‘p qavatli uylar 1988 yilgacha qurib bitkazilgan edi.
Foto: www.flickr.com

O‘shanda Koreya hukumati mahalliy qurilish kompaniyalarini qo‘llash uchun xorij qurilish kompaniyalari bilan hamkorlik qilishni taqiqlab qo‘yadi. Natijada barcha binolar koreyalik quruvchilar tomonidan quriladi.

Seulda qulab tushgan savdo markazi o‘rnida avvaliga to‘rt qavatli uy qurilishi rejalashtirilgandi. Biroq qurilish egasi bo‘lgan Sampoong Group kompaniyasi rahbari Li Chjun Seulning Sochxogu tumani mansabdorlariga pora berib, to‘rt qavatli uy o‘rniga to‘rt qavatli savdo markazi qurish uchun ruxsat oladi.