Qora kurtkali erkaklar yengil kiyingan ayolni poldan ko‘tarib, liftdan sudrab, pod’yezddan sovuq havoga olib chiqishadi. Zarema Musayevaning 2022 yil 20 yanvarida qo‘lga olinishi shunday ro‘y bergandi.
Checheniston IIV xodimlari uning Nijniy Novgoroddagi kvartirasiga bostirib kirishgan va kuch bilan Grozniyga olib ketishgan. Musayevaga kiyinishiga ham, doimo qabul qilib turishi kerak bo‘lgan insulinni (ayol diabetga chalingan) olishga ham imkon berilmaydi.
Keyingi bir yarim yilni Zarema tergov izolyatorida o‘tkazdi. 4 iyul kuni Grozniyning Axmatov rayoni sudida hukm o‘qildi: u endi besh yarim yilni umumiy tartibli koloniyada o‘tkazishi kerak.
Musayevaning turmush o‘rtog‘i — chechenistonlik sobiq federal sudya Saydi Yangulbayev. Ularning farzandlari Abubakar va Ibragim — huquq faollari va muxolifatchilar. Zarema va Saydi 2017 yildayoq Chechenistondan ketishga majbur bo‘lishgan. Checheniston huquq-tartibot organlari xodimlari Qodirovning tanqidchilarini tutish uchun o‘z nazoratidan tashqarida bo‘lgan hududga kelishi o‘sha vaqt uchun noyob va shokka tushiradigan pretsedent bo‘lgandi.
«Bu oilani yo qamoqda, yoki yer ostidagi joy kutmoqda»
Checheniston hukumati Yangulbayevlarni 1ADAT harakati (muxolifatchi ruhdagi telegram-kanal nomi bilan atalgan) bilan aloqador hisoblaydi, bu harakat a’zolari Qodirovni ochiqchasiga tanqid qiladi va o‘zlarini «Chechenistonni deokkupatsiya qilish tarafdorlari» sifatida namoyish etadi. Harakat Rossiyada taqiqlangan, ularning sayti bloklangan. Abubakar — huquq faoli, u «Qiynoqlarga qarshi jamoa»ning Kavkaz bo‘limi huquqshunosi bo‘lib ishlaydi. U ham, otasi ham 1ADAT bilan aloqalarga ega emasligini ta’kidlaydi: faqatgina Ibragim o‘zining bu harakatdagi ishtirokini tasdiqlagan.
Checheniston uchun Ramzan Qodirovning tanqidchilariga ularning qarindoshlari orqali bosim o‘tkazish odatiy holga aylangan. Qodirov esa bu oiladan qattiq jahli chiqqan. Zarema Musayeva hibsga olinishidan oldin Chechenistonda Yangulbayevlarning 15 qarindoshi yo‘qolib qolgandi.
Zaremani Grozniyga olib kelishgach, uning ishi shov-shuvga aylanib ketganidan keyin Qodirov Yangulbayevlarga ochiq tahdid qila boshladi. «Bu oilani yo qamoqda, yoki yer ostidagi joy kutmoqda. Va bu endi menga bog‘liq emas. Men jamoatchilik kayfiyatidan boxabarman, — degandi o‘shanda u. — Hech bo‘lmaganda birgina chechen tirik ekan, bu oila a’zolari hayotdan bemalol bahra ololmaydi, chunki xalqimizning har bir vakilining sha’niga katta zarar yetkazilmoqda».

















