Shohsanam Davlatboyeva 1998 yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. 2021 yilda O‘zbekiston Milliy universiteti biologiya yo‘nalishini tamomlab, Erasmus Mundus qo‘shma magistratura dasturining to‘liq granti asosida avvaliga Vengriyaning “Hungarian University of Agriculture and life” ( Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlari) universiteti, hozirda esa Italiyaning “University of Milan” universitetida magistraturada o‘qib kelmoqda.

– Dastlab xorijga magistraturaga topshirish fikri qayerdan paydo bo‘lgan? Ayni vaqt tahsil olayotgan OTM haqida gapirib berolasizmi?

– Hozirda (Italiyaning Milan universitetida) o‘simlik biotexnologiyasi yo‘nalishida magistraturada o‘qiyman. Bolalikdan tabiiy fanlarga bo‘lgan qiziqishim yuqori bo‘lgan. Maktabda kimyo, biologiya fanlaridan turli musobaqalarda qatnashib yurardim. Keyinroq mazkur fanlarni chuqurroq o‘zlashtirishda davom etdim. Avvaliga Toshkent tibbiyot akademiyasiga o‘qishga kirishni maqsad qilgan bo‘lsam ham, taqdir meni O‘zbekiston Milliy universitetining biologiya fakultetiga olib keldi. Bakalavriatning birinchi bosqichidanoq biotexnologiya yo‘nalishiga qiziqishim yuqori bo‘lgan.

O‘qishim davomida turli ilmiy-tadqiqot markazlarida ishlab yurganman. Bittasi Ilg‘or texnologiyalar markazi bo‘lgan. Shu kabi markazlarda ishlayotgan olimlarni, ular qilayotgan ishlarni ko‘rib menda sohaga bo‘lgan qiziqish yanayam ortgan. Ya’ni biologiya sohasidagi olimlar dunyoga haqiqatan ham katta hissa qo‘shishi, umuman dunyoni o‘zgartirishi mumkin. Mana shulardan keyin to‘rtinchi bosqichda o‘qib yurgan vaqtlarimda Erasmus Mundus dasturiga hujjatlarimni topshirganman va bakalavriatni tamomlamay turib magistraturaga to‘liq grant asosida qabul qilinganman. 2021 yilning kuzidan Vengriya davlatida magistraturani xorijda o‘qishni boshlaganman.

Hozirda o‘qishimni Italiyaning Milan shahrida davom ettiryapman. Magistrlik tezisi (dissertatsiya) yozish bilan bandman.

– Shu o‘rinda Erasmus Mundus granti haqida ham batafsil ma’lumot berib ketolasizmi?

– Erasmus Mundus granti xarajatlari Yevropa Ittifoqi tomonidan qoplanadi. Bu talabalar uchun juda yaxshi imkoniyatlarni taqdim qiluvchi dastur hisoblanadi. Chunki bunda talabgorlar bir qancha ilg‘or universitetlarda o‘qishi, u yerdagi bilimlardan foydalanishi mumkin. Shuningdek, bunday sharoit talabaga nafaqat ilm tomondan foyda beradi, balki turli davlatlarda yashab, millat va madaniyatlarni ko‘rish insonning shaxsiy rivojlanishi uchun ham juda yaxshi.