Chilonzor tumanini rivojlantirish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni “Toshkent shahri Chilonzor tumanining sanoat salohiyati va investitsiya jozibadorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror imzoladi.
Qarorga ko‘ra, Chilonzor tumani Beshqo‘rg‘on va Tirsakobod mahallalaridagi 320 gektar maydonda 30 yil muddatga kichik sanoat zonasi maqomidagi “Industrial hudud” tashkil etiladi. Hukumat komissiyasiga u yerda amalga oshiriladigan investitsiya loyihalarining manzilli ro‘yxatini 1 oy muddatda tasdiqlash topshirildi.
Chilonzor tumanining sanoat salohiyati va investitsiya jozibadorligini oshirish choralari uchun 2023-2024 yillarda respublika budjetidan poytaxt budjetiga 3 yil muddatga 100 mlrd so‘m ssuda ajratiladi.
2023-2025 yillarda Kichik xalqa yo‘li va Bunyodkor shoxko‘chasi hamda Cho‘ponota va Chilonzor ko‘chalari oralig‘ida joylashgan “Bunyodkor” stadioni avtoturargohining jami 5,5 gektar yer uchastkasida kamida 200 mln dollar qiymatdagi yangi “siti” quriladi. U yerdan mehmonxona, savdo va xizmat ko‘rsatish obektlari, ko‘p qavatli uylar va ko‘p qavatli avtoturargoh joy oladi.
Vazirlar Mahkamasiga yil oxiriga qadar yer uchastkalarini loyiha tashabbuskorlariga o‘rnatilgan tartibda ajratilishini ta’minlash yuklatildi.
Shuningdek, tasdiqlangan yo‘l xaritasiga ko‘ra:
- 2023 yil davomida Chilonzor tumani mahallalari hududidagi 10 sotixdan kam bo‘lmagan bo‘sh yer maydonlarida kichik bog‘lar va sayilgohlar tashkil etiladi. Bunga 10 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.
- 2023 yil avgustda, tumandagi maktabgacha va maktab ta’limiga xususiy sektorni jalb qilish maqsadida davlat bog‘chalari va maktablarining yer maydonlari xatlovdan o‘tkaziladi. Aniqlangan bo‘sh yer maydonlari 2023 yil oktyabr oyida bog‘cha va maktab tashkil etish uchun xususiy sektorga ijaraga beriladi.
- 2023 yil avgustda “Ruboiy” nimstansiyasida bitta 40 ming KW quvvatli va “Chilonzor” nimstansiyasida bitta 25 ming KW quvvatli yangi transformatorlar o‘rnatiladi. Buning uchun 17 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.









