Madaniyat va turizm vazirligi hamda Xorazm viloyati hokimligi tomonidan hamkorlikda o‘tkaziladigan tadbirdan maqsad Xorazmning agroturizm salohiyati namoyishi, vohaning qadimiy polizchilik tajribasi, shirin-shakar qovun-tarvuzlari va bog‘dorchilik mahsulotlarining noyob turlari va navlarini keng ommalashtirishdir.
Qovunlarning «Gurvak», «Qilichboy beshak», «Qari qiz», «Tuya qovun», «To‘yona», «Ola zamcha», «Xorazm oq novvoti», «Ko‘k gulobi», «Bo‘rikalla» kabi bir-biridan shirin o‘nlab mahalliy navlari namoyish qilinadi.
Bundan tashqari, turli meva-sabzavotlar, poliz ekinlari, qandolat va asalarichilik, hunarmandchilik, chorvachilik va baliqchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi.
Festival doirasida, konsert dasturlari, tasviriy san’at asarlari namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi, dorbozlar o‘yini, xon va ayonlari chiqishi, qo‘g‘irchoq teatri tomoshalari, milliy taomlar, Xorazm nonini tayyorlash bo‘yicha mahorat darslari bo‘lib o‘tadi.














