Ba’zan aniq maqsadlarimizdan chalg‘ib qolamiz. Yo‘qotilgan vaqt, boy berilgan umrning badalini to‘lashga majbur bo‘lamiz. Ayni shu kabi haqiqatlar Ulug‘bek Hamdamning «Bir piyola suv» hikoyasidagi bosh qahramon timsolida ifoda etilgan.
Syujyet:
Bir arava yukni shom mahaligacha aniq manzilga yetkazish vazifasini zimmasiga olgan yo‘lovchi sahro bag‘rida yo‘lga chiqadi. Biroz muddat yurgach chanqaganini sezadi. Uning butun vujudini chanqoq qondirish hissi qamrab oladi. Tevarak-atrofga javdiray boshlaydi.
Nihoyat bir karvonsaroyga duch keladi. Qarasa karvonsaroy eshigi yonida bir qiz uni ichkariga chorlab turibdi. Kiradi. Karvonsaroy o‘rtasida bir quduq bo‘lib, chetida piyolasi turgan ekan. Yo‘lovchi bir piyola muzdek suvni rohatlanib ichadi. Ichishga ichadi-yu, haqini to‘lamoqchi bo‘lib qarasa, turnaqator navbatda turgan odamlarni ko‘rib hang-u mang bo‘ladi.
Noiloj navbatga borib qo‘shiladi. Navbati yaqinlashib borgani sari chanqay boshlaydi. Yana borib bir piyola suv ichishga majbur bo‘ladi. Qaytadan navbat oxiriga turadi. Bu hol bir necha marotaba takrorlanadi. Nihoyat navbati yetib kelgan chog‘ yo‘lovchi o‘zining qartayib qolganini ko‘rib hayratlanadi. Ammo karvonsaroyga chorlagan ayol yosh va o‘zgarmagan edi.
Afsus va nadomatlar bilan aravasining yoniga chiqadi-da, arava ustini ochadi. Ne ko‘z bilan ko‘rsaki, aravaning ichida ko‘za-ko‘za suv turgan bo‘ladi...
Tahlil:
Ulug‘bek Hamdamning «Bir piyola suv» hikoyasi neomifologizm yo‘nalishida yozilgan bo‘lib, hikoya ramzlarga va majozlarga boy hisoblanadi.
Asarning asosiy g‘oyasi insonning butun umr tashqaridan qidirgan narsasining o‘zida borligi va buni payqamasligidir.
Hikoyadagi qahramonimizning na ismi, na uning tarjimayi holi ochiqlangan. Zero, bu muhim ham emas. Unga topshirilgan va ado etishi zarur bo‘lgan vazifasi muhim. Vazifa bajarilishi uchun belgilangan vaqt muhim: shomga qadar bo‘lgan muddat. Biz inson tug‘ilishini subhga, o‘lishini esa shomga qiyoslaymiz. O‘rtadagi vaqt oralig‘i umr. Shunday ekan, fikrimcha, hikoyada tongdan shomgacha bosib o‘tilishi kerak bo‘lgan yo‘l – umr. Qahramonimiz hech narsaga chalg‘imay, sobit qadam bilan bu umrni to‘g‘ri va oqil holatda bosib o‘tishi uning asl vazifasi hisoblangan.
Inson tug‘ilibdiki, yashayaptiki, u nafas olyaptiki, o‘ziga yarasha ehtiyoji, istagi, orzusi bo‘ladi. Har bir odamning ehtiyoji ham, istaklari ham qanchalik zaruriyligi, qanchalik muhimligi bilan farqlanadi. Inson irodasi orzu-istaklarini qay darajada jilovlay olishi bilan sinaladi. Qahramonimiz chanqadi. Tabiiyki, unda suv ichishga bo‘lgan ehtiyoj, istak paydo bo‘ldi. Endi bu istak uning butun vujudini, o‘y-xayolini qamrab oladi. Nima qilib bo‘lsa ham uni qondirishi kerak. Uning istagi – suv. Demak, suv bu yerda orzu-istak ramzidir.

















