11-12 iyul kunlari Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti arafasida Shimoliy Atlantika alyansi rahbariyati Litva poytaxtini «eng ilg‘or qurollar bilan himoyalangan haqiqiy qal’aga» aylantirish haqida qayg‘urmoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Misli ko‘rilmagan xavfsizlik choralari sammitning Litva va Belarus chegarasidan atigi 30 km uzoqlikda o‘tkazilishi bilan bog‘liq. Rossiyaning o‘zi ham juda yaqin - Kaliningrad viloyati uchrashuv joyidan taxminan 150 km uzoqlikda joylashgan. Shu bilan birga, tadbirda AQSh prezidenti Jo Bayden va NATO davlatlarining aksariyat rahbarlari ishtirok etadi.
Alyansning 16 ta davlati sammitni qo‘riqlash uchun mingga yaqin harbiy xizmatchilarni yubordi. Shuningdek, mahalliy harbiylar ham ularga ko‘maklashadi.
Bundan tashqari, havo hududini qo‘shimcha himoya qilish choralari ham ko‘rilmoqda. Chunki Boltiqbo‘yi davlatlarining havo mudofaa tizimlari Rossiyadan hujum sodir bo‘lgan taqdirda samarali himoya uchun yetarli emas deb topilgan.
«Bayden va boshqa 40 ta davlat rahbarlari sammitga kelayotgan bir paytda havo hududimizni himoyasiz qoldirish mas’uliyatsizlikdan ham ortiqroq bo‘lar edi», dedi Litva prezidenti Gitanas Nauseda.
Boltiqbo‘yi mamlakatlari - Litva, Estoniya va Latviyaning jami aholisi 6 million kishini tashkil qiladi. Shu sababli, ular yirik kontingentli armiya, harbiy qismlar, qiruvchi samolyotlar va havo mudofaa tizimlarini jangovar shay holda ushlab turishga qodir emas.
Germaniyadan «Patriot»lar, Fransiyadan «Caesar»lar
Sammitni himoya qilish uchun NATO davlatlari quyidagi qurollar va texnikalarni yuborgan:
- Germaniya 12 ta «Patriot» zenit-raketa komplekslarini yubordi - bu NATO mamlakatlari arsenalidagi havo mudofaasi va raketaga qarshi mudofaa qurollarining asosiy turlaridan biri;
- Ispaniya NASAMS qisqa va o‘rta masofali havo mudofaa tizimlari bilan ta’minladi (ular Norvegiyada ishlab chiqarilgan);
- Fransiya o‘ziyurar «Caesar» gaubitsalarini berdi;
- Shuningdek, Fransiya, Finlyandiya va Daniya o‘z jangovar aviatsiyasining bir qismini vaqtincha Litvaga ko‘chirdi;

















