Jahon | 10:49 / 10.07.2023
6998
4 daqiqa o‘qiladi

AQSh moliya vaziri: Vashington iqtisodiy munosabatlarda Xitoydan uzoqlashish niyatida emas 

Janet Yyellen Xitoyga tashrifini samarali deb atadi hamda Vashington va Pekin kelishmovchiliklarni «aniq va to‘g‘ridan to‘g‘ri» muhokama qilishi mumkinligini ta’kidladi.

Foto: EPA/TASS

Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjud, biroq mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlar mustahkamlanmoqda, dedi AQSh moliya vaziri Janet Yyellen 9 iyul, yakshanba kuni Xitoyga to‘rt kunlik safari yakunlari bo‘yicha Pekinda o‘tkazilgan matbuot anjumanida. AQSh Moliya vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Xitoyning yuqori martabali vakillari bilan 10 soatga yaqin ikki tomonlama uchrashuvlar «to‘g‘ridan to‘g‘ri, mazmunli va samarali» bo‘lgan. 

«Hech qanday tashrif bir kechada muammolarimizni hal qilmaydi. Lekin bu safar barqaror va samarali aloqa kanalini yaratishga yordam beradi deb umid qilaman», dedi rasmiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, safardan maqsad Xitoyning yangi iqtisodiy jamoasi bilan aloqalarni o‘rnatish va chuqurlashtirish, tushunmovchiliklar xavfini kamaytirish hamda mamlakatlarning iqlim o‘zgarishi va qarz inqirozi kabi sohalarda hamkorlik qilishiga yo‘l ochishdir. 

Vashington iqtisodiy munosabatlarda Xitoydan uzoqlashish niyatida emas, deydi Yyellen. Bunday harakat «har ikki davlat uchun falokatli va dunyo uchun beqarorlik» bo‘ladi, deya qo‘shimcha qildi AQSh moliya vaziri. Ammo shu bilan birga, Vashington «ochiq, erkin va adolatli iqtisodiyot»ni ko‘rishni xohlaydi va kelishmovchiliklar haqida «aniq va to‘g‘ridan to‘g‘ri» xabar qilinishi kerak, dedi u. 

Tashrif davomida Yyellen Pekindagi suhbatdoshlari bilan Ukraina urushini ham muhokama qildi. AQSh Moliya vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u Xitoy tashkilotlari tomonidan urushda Rossiyaga moddiy yordam ko‘rsatish va Moskvaga nisbatan kiritilgan sanksiyalardan qochishga yo‘l qo‘yilmasligi lozimligini ta’kidladi. 

Oxirgi oylarda Pekin AQSh vakillarining Tayvan bilan muloqoti tufayli necha bor noroziligini bildirgan. 2022 yil avgust oyida Xitoy o‘z provinsiyasi deb hisoblagan orolga o‘sha paytda AQSh Kongressi Vakillar palatasining spikeri bo‘lgan Nensi Pelosi tashrif buyurdi. Bundan tashqari, Vashington Tayvanga qurol sotadi, ammo u «yagona Xitoy siyosati»ga muvofiq rasmiy diplomatik aloqalarni faqat Pekin bilan olib boradi. 

May oyi oxirida Qo‘shma Shtatlar Xitoyni Janubi-Xitoy dengizi uzra Amerikaning RC-135 samolyoti «oldidan» uchib o‘tgan qiruvchining agressiv manyovrini uyushtirganlikda aybladi. Shu bilan birga, XXR AQShning Singapurda bo‘lib o‘tgan «Shangri-La muloqoti» xavfsizlik forumi doirasida ikki davlat mudofaa vazirlari uchrashuvini o‘tkazish haqidagi iltimosini rad etdi. Biroq iyun oyi o‘rtalarida Xitoy rahbari Si Jinping kutilmaganda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashdi. 

Vashington ham bir necha bor Pekinni josuslikda ayblagan. Buning eng so‘nggi sabablaridan biri fevral oyi boshida AQSh hududida topilgan Xitoy aerostati bo‘ldi. AQSh Mudofaa vazirligi qurilma suratga va videotasvirga olish imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlanganini ta’kidladi, AQSh prezidenti Jo Bayden voqea tufayli Xitoy rahbarini «diktatorlar»ga tenglashtirdi. Biroq iyun oyi oxirida Pentagon o‘z pozitsiyasiga aniqlik kiritib, havo shari razvedka ma’lumotlarini to‘plamaganini bildirdi. 

Mavzuga oid