Jahon | 12:37 / 10.07.2023
7363
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda bolalar bog‘chasiga pichoq bilan qilingan hujum oqibatida 6 kishi halok bo‘ldi

Xitoy janubidagi bolalar bog‘chasiga pichoq bilan hujum qilish oqibatida tarbiyachi, ikki ota-ona va uch bola halok bo‘ldi, deya xabar beradi mahalliy ma’muriyat.

Foto: Video obtained via REUTERS

Xitoy janubidagi Guandun provinsiyasida bolalar bog‘chasiga qilingan pichoqli hujum oqibatida olti kishi halok bo‘ldi, bir kishi yaralandi. Bu haqda 10 iyul, dushanba kuni shahar ma’muriyati vakili ma’lum qildi.

«Qurbonlar orasida - bir nafar tarbiyachi, ikki ota-ona va uch nafar tarbiyalanuvchi bor», — deya uning ma’lumotidan iqtibos keltirgan AFP agentligi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, 25 yoshli erkak Lyanszyanda qo‘lga olingan, hujum 9 iyul kuni sodir bo‘lgan. Jinoyatchining motivlari aniqlashtirilmoqda.

Xitoyda o‘quvchilarga hujumlar ko‘p yillardan beri muammo bo‘lib kelyapti, deydi ekspertlar. Ayniqsa, iqtisod o‘sib, boylar va kambag‘allar o‘rtasidagi tafovut shiddat bilan kengayib borar ekan, zo‘ravonlik kuchaymoqda, deb yozadi AFP. 

2022 yil avgust oyida Xitoy janubi-sharqidagi Tszyansi provinsiyasida bolalar bog‘chasiga pichoq bilan hujum uyushtirilgani oqibatida uch kishi halok bo‘lgan va olti kishi jarohatlangan edi. 

Xitoy tinch aholiga o‘qotar qurolga ega bo‘lishni taqiqlaydi, ammo mamlakatda pichoq bilan hujumlar ko‘p uchraydi, deya ta’kidladi AFP. Agentlik eslatishicha, 2018 yilda mamlakat shimolida to‘qqiz bolani pichoqlagan va yana 11 kishini jarohatlagan erkak o‘limga hukm qilingan. 

Mavzuga oid