Oxirgi bir necha hafta o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari va ularning yaqinlari uchun Rossiyada migrantlarga qarshi o‘tkazilayotgan qator politsiya reydlari bilan xavotirli bo‘lib turibdi.

Jumladan, bundan bir necha kun avval ham tarmoqlarda Moskva yaqinidagi migrantlar ko‘p yashaydigan Kotelniki shahridagi masjidda politsiya tomonidan ana shunday reyd o‘tkazilgani haqida videolar paydo bo‘ldi. 

Kun.uz muxbiri mehnat migrantlariga qarshi o‘tkazilayotgan ana shu reydlar va umuman, Rossiyadagi vatandoshlarni qiziqtirgan boshqa qator savollar yuzasidan migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Botirjon Shermuhammad bilan intervyu o‘tkazdi. 

— Xo‘sh, muhojirlarga qarshi bu reydlardan maqsad nima, mutaxassis sifatida siz bu voqealarni qanday tushunyapsiz? 

To‘g‘ri, biz bunga qadar ham shunday reydlarni eshitib turardik, lekin rus politsiyasini nima bunchalik jazavaga tushirdiki, reydlar bunchalik  namoyishkorona, keng miqyosda tus oldi? 

— Rossiyada har 3 oyda bunday reydlar o‘tkaziladi. Bu safargi reydda 7 mingdan ortiq chet el fuqarosi deportatsiya qilingani, 45 mingdan ortiq migrant topilgani aytilyapti. May oyida Kotelniki shahri fuqarolari migrantlar ko‘payib ketgani, noqulaylik tug‘dirayotgani haqida Youtube platformasi orqali murojaat yo‘llagan edi Putinga. Shundan keyin 2 hafta davomida namoyishkorona va qo‘pol tarzda reyd o‘tkazildi. Hujjati bo‘lganlarni ham ushlab ketishdi.

Oxirgi chiqqan videolar jamoatchilikni junbishga keltirdi. Juma kuni masjiddagi odamlarni tekshirib, yosh oqizuvchi gazlar sepilganini ko‘rish mumkin. E’tibor berish kerakki, mahalliy aholi buni qo‘llab-quvvatlayapti, ko‘proq tekshirish kerakligini ta’kidlayapti. Hatto mahalliy politsiya organlariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, ya’ni fuqarolar murojaat qilganda migrantlarni tekshirmagani uchun.

— Ba’zilar bundan reydlarni Markaziy Osiyo davlatlarining “Putinning yo‘rig‘iga yurmayotgani uchun” javob sifatida ham talqin qilmoqda. Bu fikrlarga qanday qaraysiz?

— May oyining oxiri, iyun oyining boshlarida Rossiya bo‘ylab Tojikiston fuqarolariga nisbatan reydlar bo‘ldi. Buning ortida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi, bosh prokurori munosabat bildirdi. Lekin hozirgi kunda tojikistonliklarga nisbatan bunday reydlar haqida gap yo‘q. 18-25 iyun kunlari butun Rossiyada o‘tkazilgan reydlar va oxirgi Kotelniki shahridagi namoyishkorona tekshiruvlar haqida gap ketyapti. Birinchi bosqich tugadi degan xabar chiqqan bo‘lsa ham, hozir boshqa shaharlarda tekshiruv davom etyapti.