«Qazaqstan G‘arysh Sapary» milliy aksiyadorlik jamiyati oxirgi 15 yilda Kaspiy dengizining sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarini e’lon qildi. Yerni masofadan zondlash orqali to‘plangan ma’lumotlariga ko‘ra, Kaspiyning Qozog‘iston sektori akvatoriyasi sezilarli darajada - 7,1 foizga qisqargan.





Yuqoridagi rasmlarda 2008-2023 yillarda Qozog‘iston chegarasida suv sathining o‘zgarish dinamikasi keltirib o‘tilgan. Suratlarga e’tibor berilsa, Atirau shahri yaqini va Yoyiq daryosi deltasida ulkan yangi cho‘l hosil bo‘lganini ko‘rish mumkin.





«Kaspiy dengizi Qozog‘iston sektorining suv yuzasi 2008 yilda 113 ming 866,67 kvadrat kilometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda 105 ming 745,23 kvadrat kilometrgacha kamaygan. O‘n besh yil davomida turli vaqtlarda olingan kosmik tasvirlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, suv sathining maydoni qisqargan, shu bilan birga umumiy dengiz sathi ham qisqargan bo‘lishi mumkin, bu har tomonlama o‘rganishlarni talab qiladi. Kaspiy dengizi sathining pasayishi ham ekotizimga, ham dengiz sanoatiga ta’sir qiluvchi bir qator salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Yerni masofadan zondlash ma’lumotlariga ko‘ra, bu boradagi eng zaif joy Kaspiy dengizining Atirau shahri yaqinidagi Qozog‘iston qismidir», deyiladi tadqiqot xulosasida.















