Men ilk bor bu yerga kelganimda, juda ko‘p orzulari bo‘lgan yosh yigit edim. Ishonish qiyin, yetti yil o‘tib, qachondir xayol qilgan barcha orzulariga yetgan bir ota sifatida tark etyapman. Hayrlashuv doim oson emas, ammo bunday jamoadan ketish yanayam og‘irroq. Chetda bolalarga ketish qarorim haqida yozayotganimda, juda hayajonda edim. Ularni juda sog‘inaman, chindan ham. Ammo baxtim shundaki, bu yerdan chempion sifatida, qalbimda faqat klubga bo‘lgan muhabbat bilan ketyapman. Trebl yutgan jamoani tark etgan sardorlar unchalik ko‘p bo‘lmasa kerak, to‘g‘rimi?

Ajoyib, biz yetti yilda besh marta Premer Ligani yutdik. Ikki bor Angliya kubogini. Chempionlar Ligasini. Ammo bu faqat sovrinlar xolos, aslida ko‘proq jamoa muhitini, ichkaridagi munosabatlarni unutishim qiyin bo‘ladi. Men futbolda hech qachon bunday tuyg‘ularni boshdan kechirmaganman.

Aslida men tabiatan ancha bosiqman. Ochilishim uchun qandaydir vaqt kerak. Lekin bu ajoyib jamoa muhitida o‘zimizni juda qulay his qilar, har qancha bosim ostida bo‘lmaylik, doim o‘zaro hazillashardik.

Mashg‘ulotlar paytida jarima maydoni ichidagi 5 ga 2 o‘yinlarda ko‘proq Ruben Diash bilan hazil qilishni yoqtirardim. Odatda ancha oddiy o‘yinchi bo‘lganim uchun, mabodo biror fint qilsam, yigitlar meni «Zidan» deyishni boshlashardi. Texnikamni namoyish etishim bilan Ruben oldimga kelib, «Zidan» deyaveradi.

«Yo‘q, bugun Pirloman, ertaga yana Zizu bo‘laman», - deb qo‘yaman.

Richard Sellers/Sporsphoto via Getty

Ayniqsa, rafiqalarimizdan minnatdor bo‘lishimiz kerak. Ular o‘zaro maslahatlashib, juda ko‘p partilar, barbekyular uyushtirishdi va bu yigitlarning yanada yaqinlashib ketishi uchun ahamiyatli bo‘ldi. Biz ko‘p kuldik, juda ahil edik, o‘ylashimcha, Chempionlar Ligasidagi g‘alabamizning ham asosiy sabablaridan biri shunda.

Men uchun Chempionlar Ligasi so‘nggi o‘n yillardagi asosiy maqsadlarimdan biri edi. 2013 yilda Dortmund bilan «Bavariya»ga qarshi finalni yutqazganimda juda tushkun bo‘lib qolgandim. Finalda mag‘lubiyatga uchrash hissiyotini ta’riflash qiyin. Shundan buyon har bir qarorimda aynan mana shu sovrinni yutish orzusi asosiy suvayirg‘ich vazifasini o‘tagan. Aynan shuning uchun «Manchester Siti»ni tanladim. Shuning uchun ikki yil oldin «Chelsi»ga yutqazganimiz juda og‘ir bo‘lgan. O‘tgan yili «Etihad»da o‘tgan «Real»ga qarshi o‘yinda zaxirada qolganim yanada qiyin bo‘ldi. Pep asosiy tarkibni e’lon qilib, o‘z xonasiga kirib ketganida dunyo ustimga ag‘anagan. Axir men bu o‘yinda qatnashishni juda istayotgandim, tushunyapsizmi?