14:15 / 18.07.2023
13843

Hisob palatasiga qo‘shimcha vakolatlar berildi

“Hisob palatasi faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun prezident tomonidan imzolandi.

Foto: yuz.uz

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, Hisob palatasiga oz miqdorda talon-toroj qilinganligi va davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining davlat moliyaviy nazorati organlariga esa oz miqdorda talon-toroj qilinganligi uchun ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolatlari berildi.

“Hisob palatasi to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, Hisob palatasi:

moliya yilining birinchi oyida moliya yili uchun ish rejalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtiradi;

nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha aniqlangan moliyaviy huquqbuzarliklar va ularning bartaraf etilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni har chorak yakunlariga ko‘ra, chorakdan keyingi oyning 25-sanasidan kechiktirmay o‘z rasmiy veb-saytiga joylashtiradi, bundan davlat sirini yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar mustasno;

har chorakda kamida bir marta o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik oldida OAV vakillari ishtirokida hisobot berib boradi.

Hisob palatasi qonunchilik tashabbusi huquqi sub’yektlariga qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritishga haqliligi belgilandi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.

Mavzuga oid
Top