O‘zbekiston | 15:08 / 19.07.2023
10450
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda brakonerlar tuzog‘iga tushgan ikki bug‘u nobud bo‘ldi

Qoraqalpog‘istonning Beruniy davlat o‘rmon xo‘jaligi uchastkasida 2 bosh Buxoro bug‘usining jasadi topildi. Ular brakonerlar tuzog‘iga tushib qolishi oqibatida halok bo‘lgan. Holat bo‘yicha gumonlangan 3 kishi qo‘lga olindi.

Foto: Ekologiya va iqlim vazirligi

16 iyul kuni soat 06:00 da Qoraqalpog‘istonning Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatining Beruniy davlat o‘rmon xo‘jaligi uchastkasida Buxoro bug‘ulari jasadlari topildi. Bu haqda Ekologiya vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Jonivorlar brakonerlar tomonidan qo‘yilgan tuzoqqa tushgan. Hayvonlarning nobud bo‘lishiga aloqador shaxslarni aniqlash maqsadida Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati boshqarmasi inspektorlari voqea joyida pistirma tashkil qilgan. Bir necha soat o‘tgach, niqobli ikki noma’lum shaxs pistirmaga yaqinlashgan, ammo inspektorlarni payqab, voqea joyidan qochib ketgan.

Quyi Amudaryo qo‘riqxonasi inspektorlarining o‘tkazgan tezkor harakatlari natijasida Beruniy tumani IIB xodimlari bilan hamkorlikda voqeaga aloqador brakonerlar — Beruniy tumani Biybozor qishlog‘ida yashovchi 30 yoshli Sh. A., 33 yoshli R. B. va 38 yoshli I.D. qo‘lga olingan.

Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Beruniy tumani IIB tomonidan hayvonlarning nobud bo‘lganligi fakti yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

  • Iyun boshlarida Qoraqalpog‘istonda brakoner Qizil kitobga kiritilgan Buxoro bug‘usini ovlab, qochib ketishga uringanida to‘xtatib qolingandi.

Mavzuga oid