Ikki o‘g‘il va bir qizdan keyin 1999 yil 29 aprel kuni tug‘ilgan Shehroziddin Bahriddinov Samarqand viloyatining Urgut tumanida Mingtepa mahallasida yashagan. U Toshkent shahridagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan edi. 14 mart kuni armiyaga ketgan yigit 2023 yilning 27 iyun kuni, 24 yoshida vafot etdi.

Voqea xronologiyasi
Rasmiy hujjatda qayd etilishicha, FVVga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan Shehroziddin Bahridddinov 20 iyun kuni tomoq og‘rig‘i shikoyati bilan harbiy qism tibbiyot punktiga murojaat qilgan. Unga ambulator davo (so‘rg‘ichli tabletka va tomoqni furatsillinda chayish) tavsiya qilingan. Oradan ikki kun o‘tgach, askar tomoq va bosh og‘rig‘i shikoyatlari bilan tibbiyot punktiga kelgan, unga yana ambulator davo tavsiya etilgan.
U 25 va 26 iyun kunlari ham harbiy qism tibbiyot punktiga murojaat qilib, bosh va bel og‘rigi, terlash, tez-tez nafas olishdan qiynalayotganini aytgan. Askarning shikoyatlari kundan kunga ko‘payib borayotgan bo‘lsa-da, harbiy qism shifokorlari unga yana ambulator muolajani tavsiya qilgan.
26 iyun kuni ahvoli og‘irlashgan askar O‘SV apparatiga niqobli SPAP rejimida ulangan holda Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik hospitaliga olib kelingan va darhol reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Hujjatlarda u 11:30 da hospitalga ko‘krak qafasi va qorin epigastral sohasidagi kuchli og‘riq, tez-tez nafas olish, tana haroratining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan olib kelingani qayd etilgan.
Bemorda ikki tomonlama plevra bo‘shliqlarida erkin suyuqlik aniqlangani sababli o‘pka parenximiyasini yoyish, plevrit etiologiyasini aniqlash uchun “Torakosentiz, chap va o‘ng plevra bo‘shliqlarini drenajlash” jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan. Operatsiya davomida o‘ng o‘pka plevra bo‘shlig‘idan 1700 ml yiringli gemorragik ajralma, chap tomonidan esa 1200 ml lizirlangan gemorragik ajralma (suyuqlik) olingan. Biroq jarrohlik amaliyotidan bemor omon chiqmagan. 27 iyun 13:30 da bemorda biologik o‘lim qayd etilgan.
O‘lim haqidagi ma’lumotnomada Shehroziddin Bahriddinovning o‘limiga qo‘zg‘atuvchisi aniqlanmagan pnevmoniya sabab bo‘lgani keltirilgan.











