«Bugun tunda ukrain dronlari hujumi amalga oshirildi. Sitidagi ofis minoralarning ikkitasining fasadi shikastlangan. Qurbonlar va jabrlanganlar yo‘q», — deyilgan Moskva meri Sergey Sobyaninning telegram-kanalida yakshanba kuni soat besh yarimlarda berilgan xabarda.
Hujum oqibatida Rossiyaning uchta vazirligi ofislari hamda turar joy apartamentlari joylashgani taxmin qilinayotgan 50 qavatli «IQ-kvartal» binosining beshinchi va oltinchi qavatlari hududlarida shikastlanish qayd etilgan.
«Ostorojno, novosti» telegram-kanalida portlash oqibatida Raqamli taraqqiyot vazirligi hujjatlari sochilib ketgani aks etgan video namoyish etilgan.
«Oko-2» minorasida birinchi qavatdan to‘rtinchi qavatgacha oynalar singan.

Foto: Alexander Nemenov / AFP / Scanpix / LETA
Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, hujum oqibatida ikki kishi jarohatlangan, ammo bu ma’lumot rasmiy tasdiqlanmagan.
Mash telegram-kanali ma’lumotiga ko‘ra, Moskvaga hujum qilgan dronlardan birinchisi soat 3:20 da qulagan. Xuddi shu vaqtda Moskva oblastining Odinsovo rayonida havo hujumidan mudofaa tizimlari ishga tushgani haqida xabarlar paydo bo‘la boshlagandi.
Taxminan soat 4:10 atrofida ikkinchi portlash haqida xabar berildi — bu «Oko-2» minorasida.
Rossiya mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, ukrainlarning dronlaridan bittasi Moskva oblasti hududida havoda yo‘q qilingan, «yana ikki dron radioelektron kurash vositalari tomonidan nishondan og‘dirilgan va boshqaruvni yo‘qotib, „Moskva-Siti“ kompleksidagi binolar hududida qulagan».

Ukraina hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olmadi.




















