2022 yil fevralida Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng, dunyoning qolgan mamlakatlari o‘zlari uchun bir tomonni tanlashiga to‘g‘ri keldi. G‘arb Moskvaga qarshi sanksiyalar joriy qildi, ammo Yevropaning bir davlati uchun bu tanlov juda qiyin bo‘ldi.

Damyan Knejyevich Belgraddagi «Slava Rossii» yozuvli ko‘cha graffiti fonida

Rossiyaning asosiy ittifoqchisi bo‘lmish Belarusni hisobga olmaganda, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qarshi sanksiyalar kiritmagan yagona Yevropa davlati Serbiya bo‘lib qolmoqda.

Prezident Aleksandr Vuchich ancha vaqt davomida G‘arb va Sharq o‘rtasida muvozanatni saqlashga muvaffaq bo‘ldi, ammo endilikda u muhimroq yo‘nalishni tanlashga majbur — u yoki Serbiyaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi haqidagi ko‘p yillik orzuni amalga oshirishi yoki o‘zining eski ittifoqchisi Rossiyani qo‘llab-quvvatlashda davom etishi kerak.

Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanishi bilan Moskva bilan aloqalarni saqlab qolishni talab qiluvchi serb millatchilarining ovozi yanada balandroq yangray boshladi.

BBC nashri 2022 yil davomida Serbiyadagi rossiyaparast millatchilar faoliyatini yaqindan kuzatib, ularning Rossiya bilan aloqalarini qayd etib borgan.

Ultra-millatchilar

Damyan Knejyevich Rossiya armiyasi Ukrainaga bostirib kirganidan bir necha kun o‘tib, Serbiya poytaxti Belgradda Ukrainadagi urushni qo‘llab-quvvatlovchi minglab insonlar qatnashgan namoyish o‘tkazdi va xalqaro hamjamiyat e’tiboriga tushdi.

O‘sha paytda bu Yevropadagi eng yirik rossiyaparast namoyishlardan biri bo‘lgandi.

Politsiya ultrao‘ng kuchlar yetakchisi Damyan Knejyevich va uning tarafdorlari yo‘lini to‘smoqda, namoyishchilar o‘shanda prezident qarorgohini shturm qilishga uringandi. Foto: Reuters

Namoyishchilar Rossiya bayroqlarini silkitib, qo‘llarida urush timsoliga aylangan Z harfi va Rossiya prezidentining portretlari tushirilgan plakatlarni ushlab turgan. Ularning ba’zilari hatto «Vladimir Putin — bizning prezidentimiz» deya hayqirgan.