30 iyul kuni Pokistonning Bajaur viloyatida Jamoat Ulamo Islom-Fazl (JUI-F) islomiy partiyasining saylovoldi mitingi paytida ro‘y bergan portlash oqibatida kamida 44 kishi halok bo‘lgan. Hujum mamlakatdagi vaziyatni beqarorlashtirishga urinayotgan jihodchilar guruhi tomonidan uyushtirilgan bo‘lishi mumkin.

Hukumat rasmiysi BBC nashriga ma’lum qilishicha, politsiyada portlash xudkush hujumi orqali sodir etilganiga dalillar bor.

Turli manbalarga ko‘ra, jabrlanganlar soni qariyb 200 kishini tashkil etishi mumkin. Hududni o‘rab olgan xavfsizlik xizmati xodimlari hujum qurbonlari soni bundan ham ko‘proq bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda, chunki mitingda 500 nafar atrofida kishi ishtirok etgan.

Mahalliy televideniye tez yordam mashinalari yaradorlarni shifoxonaga tashiyotgani aks etgan kadrlarni namoyish etgan. Ahvoli og‘irlar esa vertolyotlarda Peshavordagi klinikalarga yetkaziladi.

Mahalliy shifoxonada jarohatlanganlarning bunday oqimiga dosh berish uchun bo‘sh o‘rinlar ham, shifokorlar ham yetishmaydi, ularning ba’zilari yo‘laklarda yordam kutib qolmoqda.

Mahalliy hukumatga ko‘ra, portlash oqibatida JUI-F partiyasining mintaqaviy yetakchisi Mavlon Ziyovulla ham halok bo‘lgan, chunki portlash aynan u tarafdorlari qarshisida chiqish qilayotganida sodir bo‘lgan.

JUI-F yirik diniy siyosiy partiya bo‘lib, Pokiston parlamentidagi hukumat koalitsiyasining bir qismidir. Khar shahridagi miting mamlakatda joriy yil kuzida bo‘lib o‘tadigan umumiy parlament saylovlari arafasida tashkil etilgan.

Din arbobi boshchiligidagi partiya

Pokiston parlamenti Oliy palatasiga JUI-F partiyasidan saylangan deputat Komron Murtazo Britaniyaning Guardian nashriga bergan intervyusida «jangarilar atrofga dahshat solib, siyosiy yig‘ilishlarga ham hujum qila boshlagani» haqida gapirgan.

Pokistonda harakatlanuvchi ekstremistik guruhlardan hech biri hozircha portlash uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Foto: EPA

«Siyosiy mitinglarga nisbatan shunday hujumlar takrorlanishi borasida xavotirlar bor, ya’ni bu yil partiyamiz saylovoldi tashviqotini to‘laqonli o‘tkaza olmaydi», — deya qo‘shimcha qilgan u.